Xoland, Roys, Mbappe va Messidan dubl, Asensioda super gol: YeCHLda nimalar yuz berdi?

Sport

image

Kecha, 7 dekabr kuni UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichining so‘nggi tur uchrashuvlari o‘tkazildi. “Atletiko Madrid” YeCHL 1/8 final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan 12-jamoaga aylangan bo‘lsa, “Liverpul” va “Ayaks” esa guruhdagi barcha uchrashuvni g‘alaba bilan yakunladi. Lionel Messi, Kilian Mbappe, Muhammad Saloh, Sebastian Aller, Erling Xoland va Marko Asensio tomonidan kiritilgan gollar esa muxlislar yodida qoldi.

“A” guruhi

PSJ 4:1 “Bryugge”

Belgiya klubi UEFA Yevropa ligasiga yo‘l olish umidi bilan o‘yinni boshlagan edi, biroq 2-daqiqadayoq Kilian Mbappe hisobni ochdi. 7-daqiqada esa Kilian yana bir bor gol urib, dublni nishonladi va “Bryugge”ning barcha umidlarini “puchga chiqardi”. “Oltin to‘p”ning yetti karra g‘olibi Lionel Messi birinchi taym yakuni oldidan supergoli bilan oradagi farqni yiriklashtirdi – 3:0.

Ikkinchi bo‘limda belgiyaliklar faollashdi va 68-daqiqada Mats Rits oradagi farqni qisqartirdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan Leo penaltini aniq amalga oshirib, uchrashuvga nuqta qo‘ydi – 4:1.

Messi Parij klubi safida YeCHL guruh bahslarida beshta gol urdi va ularning barchasi “Park de Prens”da kiritildi. Mbappe esa turnirdagi 51-o‘yinida 31 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi.

“Leypsig” 2:1 “Manchester Siti”

“Bryugge”ning mag‘lubiyati sabab “Leypsig” uchinchi o‘rinni egallashi mumkinligini anglatardi, ammo vaqtinchalik bosh murabbiy Achim Bayerlorser qo‘l ostidagi jamoa Dominik Soboslai va Andre Silva tomonidan kiritilgan gollar evaziga g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi. “Shaharliklar” safida Riyod Mahrez bir gol bilan javob berdi va shu tariqa uchrashuv 2:1 hisobida o‘z yakuniga yetdi. Garchi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, Gvardiola murabbiyligidagi “Siti” 1-o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi.

“V” guruhi

“Milan” 1:2 “Liverpul”

Italiya A seriyasida yetakchilik qilayotgan “Milan” YeCHL guruh bahslarida o‘z ishtirokini yakunladi. “Liverpul”ga qarshi bahsdagi g‘alaba jamoani 1/8 finalga olib chiqar edi. Birinchi bo‘limda Fikayo Tomori mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Biroq Aleks Oksleyd-Chemberlenning uzatmasidan so‘ng, Muhammad Saloh hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi taymda esa Divok Origi gol urib, liverpulliklar uchun tarixiy, milanliklar uchun sharmandali natijani ta’minladi.

Gap shundaki, Yurgen Klopp shogirdlari guruhdagi oltita o‘yinda g‘alaba qozongan birinchi ingliz jamoasi bo‘ldi. “Rossonerilar” esa so‘nggi o‘rinni egallab, musobaqa bilan xayrlashdi.

“Portu” 1:3 “Atletiko”

Uchrashuvning 56-daqiqasida diskvalifikatsiyadan so‘ng, maydonga qaytgan Antuan Grizmann hisobni ochdi. Uchrashuv asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Anxel Korrea va Rodrigo de Paulning gollari “Atletiko” uchun 1/8 final yo‘llanmasini kafolatladi. 96-daqiqada esa Serjiu Oliveyra penaltidan gol urib, hisobni qisqartirgan bo‘lsa-da, bu o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatmadi.

Uchrashuv davomida bosh hakam Klemen Tyurpen 3 nafar futbolchini qizil kartochka bilan “siyladi”.

“C” guruhi

“Borussiya Dortmund” 5:0 “Beshiktosh”

Uchrashuv deyarli ahamiyatga ega bo‘lmadi. Sababi har ikki jamoa guruhda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinda qolishi aniq bo‘lib ulgurgan edi. Marko Roys va zaxiradan maydonga tushgan Erling Xoland dublga erishgan bo‘lsa, Doniyell Malen bir marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. UEFA Chempionlar ligasida 19 ta o‘yinda maydonga tushgan Xoland 23 marta o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishning uddasidan chiqdi.

“Ayaks” 4:2 “Sporting”

“Ayaks” YeCHL guruh bosqichidagi barcha o‘yinda g‘alaba qozongan birinchi Niderlandiya klubi bo‘ldi. Biroq mag‘lub bo‘lgan “Sporting” nimchorak finalga yo‘l oldi. Uchrashuvda Sebastian Aller, Entoni, Devid Neres va Stiven Bergeysning gollariga portugaliya klubidan Nunu Santush va Bruno Souza javob qaytardi. “Sporting”ning barcha musobaqalardagi 12 o‘yinlik g‘alabali seriyasi yakunlangan bo‘lsa, Aller guruh bosqichidagi barcha o‘yinda gol urgan 2-futbolchi bo‘ldi. Undan avval Krishtianu Ronaldu ushbu natijaga erishgan.

“D” guruhi

“Real Madrid” 2:0 “Inter”

“Santiagu Bernabeu” stadionida o‘tgan uchrashuvda “Real Madrid” ikkita gol evaziga “neradzurrilar”ni mag‘lubiyatga uchratib, guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 17-daqiqada Toni Kroos hisobni ochdi. 

Ikkinchi bo‘limda Rodrigoga nisbatan ishlatgan qo‘polligi uchun Nikolo Barella maydondan chetlatildi. Zaxiradan maydonga tushgan Marko Asensio esa 79-daqiqada super gol urib, uchrashuv taqdirini hal qildi.

Shu tariqa “Qirollik klubi” “Inter”ga qarshi kechgan so‘nggi 4-o‘yinni ham g‘alaba bilan yakunladi.

“Shaxtyor” 1:1 “Sherif”

“Shaxtyor” mavsumdagi ilk g‘alabasiga erishishi mumkin edi, biroq so‘nggi daqiqada uni qo‘ldan chiqardi. Birinchi taym yakunlanayotganda Fernando ukrainaliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq musobaqa kashfiyoti “Sherif” 93-daqiqada Boban Nikolovning goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. O‘zbekistonlik Jasurbek Yaxshiboyev jarohat sabab ushbu uchrashuvni o‘tkazib yubordi.

Ma’lumot uchun, bugun, 8 dekabr kuni “Zenit” – “Chelsi”, “Yuventus” – “Malmyo”, “Benfika” – “Dinamo Kiyev”, “Bavariya” – “Barselona”, “Volfsburg” – “Lill”, “Zalsburg” – “Sevilya”, “Atalanta” – “Vilyarreal” va “Manchester Yunayted” – “Yang Boyz” uchrashuvlari o‘tkaziladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Messi EChL Mbappe UEFA Xoland Asensio So'nggi tur

Baholaganlar

179

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing