XOQ transgenderlarga taqiq qo‘ymoqchi
Sport
−
10 noyabr 2423 1 daqiqa
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) 2026 yil boshida transgender sportchilarning Olimpiya o‘yinlarida ayollar musobaqalarida ishtirok etishini taqiqlash haqida e’lon qilishi kutilmoqda. Cheklovlar, ehtimol, jinsiy rivojlanishida buzilish bo‘lgan sportchilarga, masalan bokschi Imon Halifga ham tatbiq etiladi. Bu haqda “The Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, o‘tgan hafta Lozannada XOQning tibbiy va ilmiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Jeyn Tornton o‘tkazgan tadqiqot natijalari taqdim etilgan. Tadqiqot tug‘ma erkaklarda testosteron darajasini pasaytiruvchi dori vositalaridan foydalangan taqdirda ham jismoniy ustunlik saqlanib qolishini tasdiqlagan.
“Bu juda ilmiy, faktlarga asoslangan va hissiyotlardan xoli taqdimot bo‘ldi, unda dalillar aniq bayon etilgan”, deydi nashr manbasi.
XOQ endi yangi qoidalarni huquqiy jihatdan mukammal shaklda rasmiylashtirishi kerak. 2021 yilda XOQ bunday sportchilarning musobaqalarda ishtirokiga ruxsat berish yoki bermaslik huquqini xalqaro federatsiyalarga topshirgan. Shundan so‘ng ayrim federatsiyalar, jumladan World Athletics va World Aquatics ularning ayollar musobaqalarida qatnashishini deyarli to‘liq taqiqlagan.
World Boxing esa Parij o‘yinlaridagi jinsiy bahs ortidan sportchilardan jinsini genetik test orqali tasdiqlashni talab qila boshlagan. O‘sha musobaqalarda Imon Halif va Lin Yuytin oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Keyinroq esa ular erkak xromosoma to‘plamiga ega bo‘lganlikda ayblandi.
Live
Barchasi