XOQ Rossiya va belaruslik sportchilarning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini chekladi

Sport

image

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi Rossiya va belaruslik atletlarning xalqaro musobaqalarda qatnashishi to‘g‘risidagi qarorni keyinga qoldirdi. Bu haqda Qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qilindi

Xabarda aytilishicha, Qo‘mitaning 2022 yilning 9 dekabr sanasida bo‘lib o‘tgan 11-sammitida Rossiya va Belarus pasportiga ega atletlarning individual neytral sportchilar sifatida xalqaro musobaqalarga qatnashish yo‘llarini izlash bo‘yicha vazifa qo‘yilgan. Ikki mamlakat sportchilarining Parij–2024 olimpiadasida ishtirok etishi bo‘yicha esa hech qanday maslahatlashuv amalga oshirilmagan. Shunga ko‘ra, qo‘mita xalqaro sport federatsiyalari va sport tadbirlari tashkilotchilariga quyidagilarni tavsiya qilgan: 

1) Rossiya yoki Belarus pasportiga ega bo‘lgan sportchilar faqat individual neytral atlet sifatida musobaqalarda qatnashadi.

2) Rossiya va Belarus sportchilarining natijasi terma jamoalari hisobiga qo‘shilmaydi.

3) urushni faol qo‘llab-quvvatlagan sportchilar musobaqalarda qatnashmaydi. Xuddi shunday urushni qo‘llagan yordamchi xodimlar ham musobaqalarga qo‘yilmaydi.

4) Rossiya va Belarus harbiy yoki milliy xavfsizlik idoralari bilan shartnoma tuzgan sportchilar musobaqalarda qatnasha olmaydi. Rossiya va Belarus harbiy yoki milliy xavfsizlik agentliklari bilan shartnoma tuzilgan yordamchi xodimlarni kiritish mumkin emas.

5) har qanday yakka tartibdagi neytral sportchi, boshqa barcha ishtirokchi sportchilar singari, ularga nisbatan qo‘llaniladigan barcha antidoping talablariga, xususan, xalqaro federatsiyalarning antidoping qoidalarida belgilangan talablarga javob berishi kerak. 

6) urush uchun javobgar shaxslarga, Rossiya va Belarus davlatlari va hukumatlariga qarshi sanksiyalar o‘z kuchida qolishi kerak. Jumladan:

a) Rossiya yoki Belarusda xalqaro sport federatsiyalari yoki Milliy olimpiya qo‘mitalari tomonidan xalqaro sport tadbirlari o‘tkazilmaydi;

b) hech qanday sport tadbiri yoki uchrashuvida, shu jumladan, butun maydonda ushbu mamlakatlarning bayrog‘i, madhiyasi kabi milliy belgilaridan foydalanilmaydi;

v) hech bir Rossiya va Belarus hukumat yoki davlat amaldori xalqaro sport tadbirlari yoki uchrashuvlariga taklif qilinishi yoki akkreditatsiya qilinishi mumkin emas.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq agar rossiyalik va belaruslik sportchilar Parij Olimpiadasida neytral sifatida qatnashsa, Ukraina musobaqani boykot qilishi aytilgandi. Keyinchalik Polsha Sport va turizm vaziri Kamil Bortnichuk ham jahonning 40 ga yaqin davlatlari keyingi Olimpiada o‘yinlarini boykot qilishi mumkinligini aytdi. XOQ prezidenti Tomas Bax esa sportning vazifasi davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik va keskinlashuvning kuchayishiga hissa qo‘shish emas, balki odamlarni birlashtirish ekanini ta’kidlagan.

Nodirjon Madaminov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya XOQ belaruslik sportchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing