XOQ prezidentligi uchun nomzodlar e’lon qilindi
Sport
−
17 Sentabr
3248Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti lavozimiga 7 nafar nomzod ko‘rsatildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Nomzodlar orasida Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi rahbari, britaniyalik Sebastyan Kou, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti, yaponiyalik Morinari Vatanabe, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi rahbari, fransiyalik David Lapartyan bor. Shuningdek, Xalqaro chang‘i va snoubord federatsiyasi vakili, shvetsiyalik Yuxan Eliash va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti ispaniyalik kichik Xuan Antonio Samaranch, XOQ ijroiya qo‘mitasi a’zosi, iordaniyalik Faysal al-Husayn, suzish bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni, Zimbabve vakili Kirsti Koventri ham prezidentlikka nomzodlik qilmoqda.
XOQ axloq qo‘mitasi hujjatiga ko‘ra, tashkilot rahbari butun muddat davomida o‘z vakolatini bajarishi kerak. 67 yoshli Kouning Butunjahon atletika rahbari sifatidagi vakolati 2027 yilda tugaydi, shu bilan birga u Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi a’zoligidan mahrum bo‘ladi. Bu holatlar britaniyalikning XOQ rahbari bo‘lishiga to‘sqinlik qilishi mumkin, chunki tashkilot prezidenti tashkilotning to‘liq a’zosi bo‘lishi kerak.
XOQ prezidentining to‘liq vakolat muddati – 12 yil. Kou Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining individual a’zosi bo‘lishi mumkin, ammo Britaniya o‘z kvotasiga erishdi. Shuningdek, XOQ prezidenti sifatida to‘liq muddat ishlay olmagani sababli, hozirda 64 yoshda bo‘lgan kichik Xuan Antonio Samaranch saylovlar oldidan ishtirok etishiga ruxsat berilmadi. Agar saylansa, u 70 yoshga to‘lganidan keyin nafaqaga chiqishi kerak bo‘lib qolardi.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining amaldagi rahbari germaniyalik Tomas Bax vakolat muddati tugashi munosabati bilan kelasi yili o‘z lavozimini tark etadi. XOQning yangi prezidenti uchun saylovlar 2025 yilning mart oyida Gretsiyada bo‘lib o‘tadi va saylangan Olimpiya qo‘mitasi rahbari iyun oyidan o‘z vazifasini bajarishni boshlaydi.
LiveBarchasi