“Xodimlar xonasidan chiqdi”. Navoiyda 20 dan ortiq korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi (video)
Jamiyat
−
01 avgust 17975 6 daqiqa
Navoiy viloyatida havoni ifloslantirayotgan 20 dan ortiq korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik rahbariyati hamda Bosh prokuraturadan iborat ishchi guruh Ekologiya vazirining topshirig‘iga binoan Navoiy shahrida o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Maqsad – atmosfera havosining ifloslanish manbalarini aniqlash, sabablarini tahlil qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish.
Bildirilishicha, o‘rganish ikki yo‘nalishda olib borilmoqda: birinchisi – shaharda qayd etilgan oq tuman (yoki oq tutun) manbaini aniqlash, ikkinchisi – sanoat chiqindilari bilan bog‘liq umumiy ekologik vaziyatni yaxshilash. Barcha chora-tadbirlar qat’iy nazorat ostida amalga oshirilmoqda, qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda mas’ul shaxslarga nisbatan qattiq choralar ko‘riladi.
Birinchi holatda joriy yilning 19 iyul kuni Navoiy shahrida atmosfera havosining oq tutun bilan ifloslanishi bo‘yicha laboratoriya tahlillari va boshqa ma’lumotlar to‘plangan. Navoiy shahri hududi bo‘ylab 11 ta nuqtadan ko‘chma laboratoriya orqali havoning ifloslanish darajasi tahlil qilinganda oltingurgurt ikki oksidi (SO₂) belgilangan me’yordan 1,86 baravar, ammiak (NH₃) esa 1,43 baravar yuqori ekani ma’lum bo‘lgan.
Shu kuni soat 05:30da (sobiq “Elektrokimyo” zavodi xududida) “Sogda kimyo zavod” MCHJ, “Ferrosplav” MCHJ va “Zarafshon industrial technology” MCHJ zavodlariga tutash hududda qisqa vaqtning o‘zida konsentranlangan tashlanma shakllantirilgan videotasmasi dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Ushbu korxonalarni tekshirish davomida:
1) “Sogda kimyo zavod” MCHJ davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olmasdan faoliyat yuritayotgani, o‘z hududida betartib chiqindixona yaratgani hamda qurilish jarayonida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilarini hududidan tashqarida joylashtirgani, zararli moddalar ochiq hovuzda saqlanayotgani, zararli moddalarni eritish jarayonida hosil bo‘lgan kislotali suvlar ochiq relefga tashlangani, atmosfera havosiga nazoratsiz tashlanmalar chiqarayotgani aniqlanib, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun jami 7 mlrd 382 mln so‘m to‘lovlar belgilangan;
2) “Ferrosplav” MCHJ davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olmasdan faoliyat yuritayotgani, xomashyoni eritishdan hosil bo‘layotgan ifloslantiruvchi moddalar atmosferaga chiqarilayotgani va sanoat chiqindilari betartib to‘planayotgani aniqlangan;
3) “Zarafshon industrial technology MCHJ esa davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablarni bajarmagani, ruxsat etilgan me’yordan vodorod sulfid 25 baravar, azot oksidi 12 baravar, ammiak 7 baravar, oltingurut qo‘sh oksidi 2,6 baravar, vodorod sulfid 40 baravar yuqori ekani va oltingugurt saqlash omborxonasida zararli moddalarni saqlash talablariga roiya etilmagani aniqlangan.
Mazkur sanoat korxonalari atrof-muhitni ekologik normativdan ortiq darajada ifloslantirgani va belgilangan qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilgani sababli Ekologiya vazirligi tomonidan ularning faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Mazkur korxonalarga ekologik tadbirlarni amalga oshirish uchun 10 kun muddat berilgan. Ushbu muddat ichida korxonalar o‘z faoliyatini ekologik talablarga moslagan holda yo‘lga qo‘ymasa, sudga tegishli ravishda ularning faoliyatini tugatish bo‘yicha da’vo arizalari kiritilishi ma’lum qilingan.
Ikkinchi holatda Navoiy shahrida umumiy ekologik vaziyatni o‘rganish va yaxshilash bo‘yicha 3 ta guruh shakllantirilib, shahar va unga tutash hududlardagi 168 ta sanoat korxonasi faoliyati o‘rganilmoqda.
Bugunga qadar 42 ta korxona o‘rganilib, ekologiya sohasidagi qonun talabalariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan jarima choralarini qo‘llash uchun sud organlariga materiallar tayyorlangan.
Shu bilan bir qatorda, o‘rganish davomida 22 korxona – (“Qurilish mahsulotlari” (g‘isht zavodi), “Navoiy global trans servis” (granit), “Ittifoq” (g‘isht zavodi), “Qizilqum temir beton” (plita), “Qizilqum shifer” (shifer), “Stroykom-77” (buyoq pegmenti), “Karmana kvars” (ohak zavodi), “Navoiy util med” (tibbiyot chiqindilarni yoqish), “Navoiy asir invest” (kimyoviy moddalar saqlash ombori), “BARNO” (qurilish chiqindi poligoni), “Navoiy sheben xom-ashyo” (ohak va tosh maydalash sexi), “Navoiy sheben xom-ashyo” (ohak zavod), “Navoiy asir invest savdo” (sirka kislotasi omborxona), “Montaj servis malikrabot” (metalga ishlov berish), “Karmanasut” (sut qayta ishlash), “Alibobo-2020” (temir eritish), “Fosxim agro” (fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish), “Jahon biznes baraka servis” (ohak sexi), “Rubin-karmana” (asfalt zavod), “Sogda kimyo zavod” (kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish), “Ferrosplav” (metall eritish) MCHJlar, “Parda bobo ustaxonasi” (beton blok) faoliyati ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagani, atmosfera, yer va suv muhofazasi bilan bog‘liq talablar qo‘pol ravishda buzilgani, betartib chiqindixonalar yaratilgani sababli ularning faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Ushbu korxonalarga ham 10 kunlik muddat berilgan. Kamchiliklarini barataraf etmagan 19 ta korxonalarni faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritilgan.
Bundan tashqari, “Navoiy azot korxonasi” faoliyati o‘rganilganda korxona hududida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilari belgilanmagan joylarda saqlab kelingani, qurim (saja) chiqindisi yoqib yuborilishi oqibatida atmosfera havosi ifloslantirilgani aniqlangan.
Shuningdek, joriy yilning 29 iyul kuni korxonaning karbamid sexida olingan tahlil natijasida ammiak belgilangan me’yoridan 1,08 marotaba yuqoriligi, 30 iyulga o‘tar kechasi “Navoiyazot” AJ atrofida o‘tkazilgan tahlillar natijasida soat 23:43 da sharqiy hudud atrofida (NH₃) ammiak moddasi miqdori 1,5 marta, (H₂S) vodorod sulfidi 36 marta, soat 00:16da g‘arbiy hudud atrofida (NH₃) ammiak moddasi miqdori 6,6 marta (H₂S) vodorod sulfidi 1,4 marta, (SO2) oltingugurt to‘rt oksidi moddasi 1,2 marta me’yordan yuqori chiqishi holati aniqlangan.
Oqibatda korxona jarima va kompensatsiya to‘lovlariga tortilib, unga huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat belgilangan.
Joriy yilning 24 iyul kuni tungi vaqtda o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbiri davomida Navoiy shahriga chegaradosh Karmana tumanining tog‘li hududida 24 nafar fuqaro tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz, ekologik me’yorlarga mutlaqo zid bo‘lgan noqonuniy ohak ishlab chiqarish faoliyati olib borilayotgani, oqibatda atmosfera qora tutun va changlar bilan ifloslantirilayotgani aniqlangan. Oqibatda jami 24 nafar fuqaroga nisbatan 18 mln so‘m jarima belgilangan hamda noqonuniy qurilmalar buzib tashlangan.
“Faoliyatini ekologik ekspertizadan o‘tkazmagan, ekologik qonunchilik va talablarga muvofiq faoliyat yuritmayotgan korxonalarga jazo choralarini ko‘rish va ularning faoliyatini ekologik huquqiy me’yorlarga moslashtirish bo‘yicha Navoiy shahri bo‘ylab o‘rganishlar tun-u kun davom etmoqda. O‘rganishlar natijasi bo‘yicha Navoiy shahri atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirishda har bir korxona kesimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ekologik tadbirlar dasturi shakllantiriladi hamda Navoiy viloyati Xalq deputatlari kengashiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Vaziyat qat’iy nazorat ostida. Ekologiya vazirligi tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzuvchi korxonalarga nisbatan bundan buyon ham qat’iy choralar ko‘radi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 19 iyul kuni tonggi vaqtda Navoiy viloyatining Navoiy shahri hududini changsimon tutun qoplagandi. 21 iyul kuni tonggi vaqtda Navoiy shahri va uning atrofidagi hududlarda yana changsimon tutun kuzatilgandi.
Keyinroq esa jurnalist Ruxsora Boboqulova “Navoiy” telekanali efirida Navoiy shahrida zaharli gazlar tarqalayotganini aytib, egologiya boshqarmasi xodimlarini “salqin xonasidan chiqib, u qayerdan kelayotganini aniqlash”ga chaqirdi. Jurnalist ochiq gapirgani ortidan unga bosim bo‘layotgani, Navoiy viloyati teleradiokanalida jonli efirlar to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat hokimligi esa Ruxsora Boboqulovaga hech qanday tazyiq o‘tkazilmagani va u o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirayotganini bildirdi.
Live
Barchasi