Xizmatchi oilasidan Prezidentlikkacha: Erdo‘g‘anning bosib o‘tgan og‘ir siyosiy yo‘li

Olam

image

Hozirgi kunda Turkiya dunyoning ham harbiy, ham geosiyosiy, ham iqtisodiy tarafdan o‘zining ma’lum kuch-qudratiga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Albatta, davlatni rivojlantirishda uni oqilona boshqarish va davlat yetakchisiga ko‘p narsa bog‘liq. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an hokimiyatga kelguncha va prezidentlik davrida ham o‘ziga yarasha og‘ir hamda tahlikali siyosiy yo‘lni bosib o‘tdi. Bu yo‘lda u o‘ziga ko‘plab tarafdorlar, shu qatori dushmanlar ham orttirdi. Turkiya Prezidenti bugun, 26 fevral kuni o‘zining 67 yoshini qarshi oldi. Quyidagi maqolada turk siyosiy arbobining hayot yo‘li va faoliyati haqida so‘z boradi.  

Erdo‘g‘anning yoshlik chog‘lari 

Bo‘lajak Prezident 1954 yil Turkiyaning Istanbul shahrida, xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Qiyinchilikda o‘sgan Erdo‘g‘an Istanbulning xavfli ko‘chalarida bulochka va limonad sotib ro‘zg‘orga yordam berardi. U bolalikdagi bo‘sh vaqtlarini shunday sarflagan. 11 yoshida boshlang‘ich maktabni bitirganidan so‘ng, Istanbuldagi imom-xatiblar diniy litseyiga o‘qishga kiradi. 

Yoshligida Erdo‘g‘an mahalliy klublarning birida futbol o‘ynagan. Bu sport turiga uning qiziqishi baland edi. Hatto, Turkiyaning “Fenerbaxche” futbol klubi yosh Erdo‘g‘anni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan. Faqat uning otasi bunga ruxsat bermaydi. Balki, ota o‘g‘lining kelajakda yurtga rahbar bo‘lishini sezgandir.  

Siyosiy kareraning boshlanishi yoxud aysbergning uchi

Erdo‘g‘an hali talaba bo‘lib yurgan paytlarida siyosatga qiziqib qolib, 22 yoshida Milliy turk talabalar uyushmasi safiga qo‘shiladi. O‘sha yildayoq Erdo‘g‘an Milliy najot partiyasining yoshlar ishi bo‘yicha Istanbul shahridagi bo‘limiga rahbarlik qila boshlagan. Uning siyosiy faoliyatining boshlanishi Turkiya og‘ir kunlarni boshdan kechirayotgan paytlarga to‘g‘ri keldi. Chunki oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i 1980 yilda Turkiyada harbiy to‘ntarish yuz berdi, siyosiy partiyalar faoliyatiga esa taqiq qo‘yildi. O‘sha paytlarda Istanbul Transport kengashida ishlab yurgan Erdo‘g‘an soqolini olishdan bosh tortgani uchun ishdan haydaladi. Shundan so‘ng, u bir muddat xususiy sektorda ishlab yurgan. 

40 yoshida Istanbul meri

Turkiyada harbiy to‘ntarish yuz bergan vaqtlardan keyin ko‘p suvlar oqib o‘tdi. Erdo‘g‘an 1984 yilga kelib Farovonlik partiyasining Beyoglu bo‘limiga, oradan bir yil o‘tib Istanbul bo‘limiga rais hamda ushbu partiyaning oliy boshqaruv kengashiga a’zo bo‘ldi. Ko‘tarilish ketidan ko‘tarilish – 1994 yilda Erdo‘g‘an Istanbul merligi uchun bo‘lgan saylovda g‘alaba qozondi. Ushbu lavozimda bir qator faollik ko‘rsatgan bo‘lajak yetakchi shaharda spirtli ichimlik sotilishini sezilarli kamaytirdi. Istanbuldagi yo‘llar va chiqindilar bilan bog‘liq bir qator ijtimoiy muammolarni hal qilib, joylarni ko‘kalamlashtirdi. Buning natijasida shaharda Erdo‘g‘anning obro‘si oshib ketdi. 

Panjara ortida olingan saboq

Keyinchalik Erdo‘g‘an a’zo bo‘lgan Faravonlik partiyasi va harbiylar o‘rtasida qarama-qarshilik kuchayib ketdi. Bunga mamlakat tashqi va ichki siyosatida islom omilining ta’siri ortib borayotgani sabab bo‘ldi. Gap shundaki, Faravonlik partiyasi o‘sha paytda Hukumatni shakllantirgan islom koalitsiyasiga qatnashar edi. 

1997 yilga kelib Turkiyada yana harbiy to‘ntarish yuz berdi. Faravonlik partiyasining faoliyati taqiqlandi, Erdo‘g‘an esa qamaldi. Uning qamalishiga ushbu notinch voqealar paytida Siirt viloyatida so‘zlagan nutqi sabab bo‘lgan. Uning nutqida:

“Minoralar – bizning nayzamiz,
Gumbazlar esa himoya bosh kiyimimiz,
Masjidlar – bizning harbiy qarorgohimiz,
E’tiqod qiluvchilar – sodiq askarlarimiz,
Alloh buyukdir, Alloh – buyuk”
,
degan so‘zlar mavjud edi. 

Bunday nutqlari bilan o‘tkazgan namoyishlari uchun sud Erdo‘g‘anni 10 oyga ozodlikdan mahrum qiladi. Lekin u ushbu muddatning 4 oyini o‘tab, ozodlikka chiqadi. Aynan ushbu voqealar Erdo‘g‘ganning katta siyosatga yanada kuchliroq bo‘lish qaytishi uchun dalda bo‘ladi. 

Yangi partiya va bosh vazirlik  

2001 yilda Erdo‘g‘an Adolat va rivojlanish nomli yangi partiya tuzadi. Ushbu partiya 2002 yilgi parlament saylovida g‘alaba qozonadi. Lekin Erdo‘g‘an sudlangan bo‘lgani uchun na parlamentga va na Hukumat a’zoligiga qo‘shila oladi. Faqat 2003 yildagina qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishdan so‘ng, u Tukriya Bosh vaziriga aylangan.

Istanbulda mer bo‘lgan vaqtlari kabi Erdo‘g‘an Bosh vazir bo‘lganida ham jiddiy liberal islohotlar amalga oshirdi. Xususan, kirim solig‘i pasaytirildi, chetdan texnologiya kirib kelishi uchun savdo barerlarini olib tashlandi, mamlakat bo‘ylab sanoat hududlari tashkil etildi. Bunday siyosat Turkiyaga chet el investitsiyasi oqimining kirib kelishiga sabab bo‘ldi, aholining turmush darajasi o‘sdi, mamlakatning kambag‘al aholisi 30 foizdan 2 foizga tushdi.

Prezident Erdo‘g‘anga qarshi harbiy to‘ntarish 

2014 yilning yozida Turkiya prezidentligi uchun bo‘lgan saylovda Erdo‘g‘an g‘alaba qozondi va Prezident sifatidagi birinchi tashrifini Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga amalga oshirdi. Oradan ikki yil o‘tib, Turkiya harbiylarining bir qismi Prezident Erdo‘g‘anga qarshi davlat to‘ntarishini amalga oshirdi va bu muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. To‘ntarish vaqtida Erdo‘g‘anning ikki shaxsiy qo‘riqchisi o‘ldirildi, uning o‘zi esa vertolyotda Istanbulga qochib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu voqealar oqibatida 238 kishi halok bo‘ldi, 3 mingdan ortiq kishi yaralandi. 

Oradan yarim oy o‘tar-o‘tmas, ushbu davlat to‘ntarishida ayblangan va gumon qilinganlarga qarshi kurash boshlandi. Turkiya fuqaroligidan mahrum qilinganlar soni 75 ming, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu voqealarga aloqasi bor deb topilgan 26 ming kishiga ayblov qo‘yildi, 3 mingga yaqin harbiy, polkovnik va generallar hibsga olingan.  

Tashqi siyosatdagi dadillik

2009 yil. Butunjahon iqtisodiy forumi. Davos shahri. Edo‘g‘an Isroil Prezidenti Shimon Peresni G‘azo sektori bo‘yicha jiddiy tanqid ostiga oldi: 

“Prezident Peres, siz juda balandparvoz edingiz. O‘zingizning so‘zlaringizdan uyalayotganingizni tan olaman. Siz odamlarni o‘ldirdingiz. Bolalar bomba ostida halok bo‘ldi. Ikki sobiq Bosh vaziringiz Falastinga tanklarni olib kirmoqchi edi va siz ularning istagini bajardingiz”.

2009 yil. Katta sakkizlik sammiti. Akvila, Italiya. Edo‘g‘an Xitoyning Urumchiga nisbatan qilayotgan bosimini baland ovozda qoraladi:

“Amalda uyg‘urlarga qarshi genotsid qilingan”.

2020 yil, “Charlie Hebdo” hajviy jurnali bilan bog‘liq mojaro ortidan Fransiya Prezidenti Makroning bergan bayonotiga qarshi Erdo‘g‘anning javobi:

“Siz, chin ma’nodagi fashistsiz! Siz natsistlar zanjirining haqiqiy bo‘g‘inisiz! Afsuski, bu hujumlarning barchasi ruhiy holatini sinab ko‘rishi kerak bo‘lgan fransuz rahbarining provokatsiyasi bilan boshlandi. Men barchani fransuz kompaniyalariga foyda keltirmaslikka chaqiraman, ularning mahsulotlarini sotib olmang”.

Erdo‘g‘anning oilasi

Erdo‘g‘an 1978 yili 24 yoshida Emine Gyulbaranga uylandi. Emine “Ideal ayollar assotsiatsiyasi”dagi faoliyati davrida Erdo‘g‘anni uchratgan. Boshqa so‘z bilan aytganda, ularni aynan ijtimoiy faollik va siyosat birlashtirgan. Emine va Erdo‘g‘anning ikka o‘g‘il, ikki qiz farzandi bor.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Erdo'g'an

Baholaganlar

500

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing