Xizmat transportida yurishni qisqartirib, milliy avtomobil va mebelga o‘tish zarurligi aytildi
Jamiyat
−
05 mart
12840Amaldorlar xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tishi zarur. Bu haqda bugun, 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda so‘z ochildi.
Manfaatlar to‘qnashuvi, qimmat narxda tovar sotib olish yoki xizmat ko‘rsatish asosan davlat xaridlarida kuzatilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Qayd etilishicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olsa bo‘ladigan 50 dan ortiq tovar va xizmat turlari bor. Lekin birorta rahbar buni ro‘yxatdan chiqaraylik, hamma tanlov qilib olsin, narx arzon bo‘ladi, degan taklifni bildirmagan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Hisob palatasiga parlamentning byudjetga mas’ul qo‘mitalari bilan birgalikda to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlarni 2 karra qisqartirish topshirilgan. Yil yakunigacha sun’iy intellekt yordamida davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha elektron tizimni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, bu borada Ekspert komissiyasi tuziladi. Ushbu komissiya ilg‘or tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratib, undagi ma’lumot yangilanib turadigan tizim qiladi.
Bunda, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan ko‘pi bilan 20 foizdan oshmasligi shart. Ushbu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.
Byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga olinayotgan tovarlarni ham tartibga solish vaqti kelgani ta’kidlandi. Byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar kuchaytirilishi belgilandi.
Xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tish zarurligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi uyg‘onishi, yangicha ishlab, bir-birini tiyib turishi kerakligi aytilgandi.
LiveBarchasi