Xitoyning Markaziy Osiyo bilan savdo aylanmasi 95 mlrd dollarga yetdi
Olam
−
17 iyun 2025 3006 2 daqiqa
Xitoyning Markaziy Osiyo bilan savdo aylanmasi 95 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda bugun, 17 iyun kuni Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari – Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin Ostonada bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” Ishbilarmonlik kengashining ikkinchi yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Markaziy Osiyo mintaqasining Xitoy bilan savdo hajmi jadal sur’atlarda o‘smoqda. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 95 milliard dollarga yetdi, shundan deyarli yarmi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi. Jumladan, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi tarixiy ko‘rsatkichga – 44 milliard dollarga yetdi (Xitoy Bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra 43,8 mlrd dollar, +6,8%). Yaqqol maqsadimiz yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini ikki baravarga oshirish”, dedi Jumangarin.
Uning ta’kidlashicha, muhim yo‘nalishlardan biri bu – elektron savdo bo‘lib, u tovar va xizmatlar almashinuvini tezlashtirishga yangi imkoniyatlar ochmoqda.
“Xitoy Raisining “Ipak yo‘li elektron tijoratining tajriba zonasini yaratish” tashabbusini amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanligimizni tasdiqlaymiz. Bizda Alibaba va JD.com elektron savdo maydonchalarida milliy pavilyonlar tashkil etish bo‘yicha allaqachon ijobiy tajriba mavjud”, deya qo‘shimcha qilgan vazir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan “Markaziy Osiyo –Xitoy” ikkinchi sammitida ishtirok etish uchun Ostona shahriga jo‘nab ketgandi.
Live
Barchasi