Dunyo “Sovuq urush 2” bo‘sag‘asida

Tahlil

Isroil va Eron urushining keskinlashuvi va bu mojaroga AQSHning qo‘shilish ehtimoli dunyo tinchligiga raxna solmoqda. Ammo aslida yer yuzidagi osoyishtalik bungacha katta xavf ostida qolib bo‘lgandi. Gap shundaki, dunyo allaqachon yangi yadroviy qurollanish poygasiga kirib bo‘lgan. Joriy yil 16 iyun kuni Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish instituti yadro quroliga ega davlatlar o‘z atom arsenallarini kengaytirayotgani va qurollarni nazorat qilish bo‘yicha bitimlar asta-sekin o‘z kuchini yo‘qotayotgani haqida hisobot berdi.

Qayd etilishicha, bu holat “sovuq urush” tugaganidan keyin, ya’ni 1980 yillardan buyon davom etib kelgan yadroviy qurolsizlanish davrining nihoyasiga yetganini anglatadi. Xususan, 2025 yil yanvar holatiga ko‘ra, dunyoda jami 12 241 ta yadroviy jangovar kallak mavjud bo‘lib, ularning taxminan 9 614 tasi harbiy omborlarda joylashgan va qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan holatda saqlanmoqda.

Shuningdek, taxminan 2 100 ta kallak yuqori jangovar tayyorgarlik holatida ballistik raketalarga joylashtirilgan bo‘lib, ularning deyarli barchasi AQSH yoki Rossiyaga tegishli. Institut tahlilchilarining ta’kidlashicha, xalqaro keskinlik ortib borayotgan bir vaqtda dunyodagi to‘qqizta yadroviy davlat – AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil o‘z zaxiralarini yanada oshirish niyatida. Xulosa shuki, bundan buyog‘iga ehtimoliy urushlar xavfi borgan sari ortib boradi. Bugun Isroil va Eron o‘rtasidagi urushning asosiy sabablaridan biri ham aynan yadroga ega bo‘lish bilan bog‘liqdir.

6 kundan buyon davom etayotgan Isroil va Eron urushida va joriy hafta o‘rtasiga qadar jahonda ro‘y bergan boshqa muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturi va biz boshladik.

6 kunlik urush

Isroil o‘tmishda arab davlatlari bilan bir necha bor to‘qnash kelgan va ularning deyarli barchasida g‘alabani qo‘lga kiritgan. Hatto yahudiy davlati 1967 yilda 4 ta arab davlati koalitsiyasini 6 kun ichida tinchitgan. Bugun esa ular Eron bilan urushdagi 6-kunni tugatib, 7-kunga o‘tish arafasida. Har kungi to‘qnashuv faqat Isroil “tashabbusi” bilan boshlanmoqda. Yaqin Sharq tarixidagi eng qudratli imperiyaga asos solgan forslar arablar kabi emasligi so‘nggi kunlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Netanyaxu Eronga 13 iyun kuni ilk havo hujumlarini uyushtirgan mahal bu davlat o‘z vaqtida dunyoning top darajadagi armiyasiga egalik qilgan Saddam Husayn boshchiligidagi Iroq hujumiga naqd 9 yil bardosh bergani, salkam 40 yildan buyon G‘arbning o‘ta og‘ir sanksiyalari ostida yashab kelayotganini unutgan degan gumon bor. Chunki ayni damda Isroilning asosiy shaharlaridagi ko‘plab nuqtalar Eron zarbalaridan so‘ng “G‘azo tusiga burkanmoqda”.

Isroildagi rejim esa asrimiz boshida Iroqdagi hokimiyatni ag‘darish uchun dunyodan tinimsiz yordam so‘ragani kabi joriy hafta davomida Oq uyni yana shu kabi ishga chorlab keldi. Bu esa tez fursatda AQSH Prezidenti ritorikasini keskin o‘zgartirib, Eronga zarba yo‘llash ishoralari yangray boshladi. U muzokaralarni rad qila boshlagani haqida xabarlar chiqa boshladi. Ammo AQSH Prezidenti bu xabarlarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Bundan oldin esa u Erondan so‘zsiz taslim bo‘lishni talab qilgandi. Oyatulloh esa bunga javoban uning mamlakati hech qachon taslim bo‘lmasligini ma’lum qildi. AQSH Prezidenti avvalroq Eron Oliy rahbari qayerda yashiringanini bilishini aytgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, Isroil kanallari u yashiringan bunkerga zarba berilgani haqida xabar bera boshladi. Bundan oldinroq esa Xomanaiy 13 iyun kuni ertalabki Isroil zarbalaridan bir necha soat o‘tib, Tehronning shimoli-sharqidagi Lavizan tumanida joylashgan bunkerdan boshpana topgani haqida xabarlar chiqqandi. Ayni damdagi muhim masala urushga AQSHning bevosita qo‘shilishi yoki parda ortida harakatlanishda davom etishidir. Ba’zi manbalarga ko‘ra, keyingi 48 soat mojaroning hal qiluvchi pallasi bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Mazkur soatlar esa hozirda tugab bormoqda. Tramp Eronning havo hududi to‘liq nazoratga olingani haqida bayonot bergandi. Ko‘p o‘tmay Eron ham Isroil havo hududini nazorat qilayotganini ma’lum qildi. Jang maydonidagi bahs shu tarzda axborot makoniga ham o‘ta boshladi. Ikki tomonning ham da’volarida jon bordek. Chunki Isroil qiruvchi samolyotlari ortda qolgan kunlar davomida Eronga juda chuqur kirib bordi. Eron raketalari esa yahudiy davlatining mashhur havo mudofaa tizimlarini dog‘da qoldirib kelyapti. OAV Eronning yopirilma zarbalari ortidan Isroil havo mudofaasining raketa zaxiralari tugab borayotgani haqida xabar bermoqda. Yo‘qotishlar va sarosima kun sayin ortyapti. Isroil tomonida Eron hujumining oqibatlarini tarmoqlarga joylayotganlar ta’qib ostidaligi aytilmoqda. Eronda esa bu orada internet to‘liq o‘chirildi.

Dunyo liderlari urushni hal qilish uchun bir-biri bilan tinimsiz aloqada. Erdo‘g‘an, Tramp va Putin so‘nggi kunlarda bir-biri bilan mazkur masalani juda ko‘p muhokama qildi. Vladimir Putin Trampdan urushga qo‘shilmaslik va keskinlikni oshirmaslikni so‘radi. Rossiya Prezidenti AQSH yetakchisiga o‘zining vositachilik taklifini ham taqdim etdi. Ammo Tramp Netanyaxuga davom etishga ruxsat berdi va Putinning vositachilik taklifini rad qildi. Bundan tashqari, hafta yakunigacha AQSHning qo‘shimcha kuchlari mintaqaga yetib keladi. Ammo shu o‘rinda Eronning ham bu urushda yolg‘iz emasligini ta’kidlash joiz. Dunyoning 20 ta musulmon davlati Isroilning Eronga hujumini qoralash to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni qabul qildi. Misr, Iordaniya, BAA, Pokiston, Bahrayn, Bruney, Turkiya, Chad, Gambiya, Jazoir, Komor orollari, Jibuti, Saudiya Arabistoni, Sudan, Somali, Iroq, Ummon, Qatar, Quvayt, Liviya va Mavritaniya Tashqi ishlar vazirlari ushbu bayonotda Isroilning 13 iyun tongidan boshlab Eronga qilgan tajovuzini qoralab, uni BMT nizomi va xalqaro huquqning ochiq-oydin buzilishi, deb ta’rifladi. Bu orada esa “Telegraph” nashri Xitoy Eronga kamida uchta Boeing 747 transport samolyoti orqali yuk jo‘natgani haqida xabar berdi. Taxminlarga ko‘ra, samolyotlar Eronga Isroil bilan urushda zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ va harbiy texnika tashigan bo‘lishi mumkin. Bu taxmin uchta reysdan birinchisi Isroilning ushbu mamlakatga qarshi harbiy operatsiyasi boshlangan kunning ertasiga Eronga yo‘l olgani, keyinroq esa Yaqin Sharqqa yana ikkita samolyot yetib kelgani da’vosi bilan izohlanadi. Qayd etilishicha, samolyot Xitoyning shimoliy qismi ustidan harakatlanib, Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tgan, O‘zbekiston va Turkmaniston ustidan uchib o‘tgan, so‘ngra Eronga yaqinlashganda radarlardan g‘oyib bo‘lgan. Aslida esa samolyotlar Lyuksemburgga yetib kelishi kerak bo‘lgan, biroq ularning hech biri Yevropa havo hududiga kirmagan.

Ochig‘ini aytganda esa “Telegraph”ning mazkur da’vosi haqiqatga yaqindek ko‘rinadi. Chunki Eronga qilinayotgan mazkur hujumlar ortida neft narxini sun’iy oshirish va bu orqali iqtisodiyoti neftga juda qattiq bog‘langan Xitoyni zaiflashtirish maqsadi ko‘zlangani haqida so‘nggi paytlarda juda ko‘p gapirilmoqda. Xitoy esa bu sharoitda Eronni qo‘llashdan manfaatdor bo‘lishi tabiiy. Bundan tashqari, sal avvalroq Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In ham Isroilni terrorchi davlat deb atagani va Eronni qo‘llash ramzi sifatida o‘z armiyasini shay holatga keltirgani haqida xabarlar tarqaldi. Shuningdek, Pokiston ham allaqachon rasmiy tarzda Eron tomonidan ekanini e’lon qilgan.

Urushga tayyorlanayotgan Rossiya qo‘shnilari

Yaqin Sharqda keskinlik avjiga chiqqan mahal Rossiyaning endi nafaqat Ukrainaga, balki butun Sharqiy Yevropaga hujum qilish ehtimoli oshgani aytilmoqda. Chunki u ayni paytda Ukrainaga bosqinni yanada kuchaytirgan. Jumladan, 17 iyunga o‘tar kechasi Kiyevning turli hududlaridagi o‘nlab binolar va boshqa ob’ektlarga, jumladan, turarjoy binolari, ta’lim muassasalari va muhim infratuzilma ob’ektlariga hujum qilindi. Raketalardan biri Solomenskiy tumanidagi to‘qqiz qavatli turarjoy binosiga urilgan. Vayronalar ostidan 21 kishining jasadi chiqarildi, qidiruv ishlari davom etmoqda. Rossiyaning Kiyevga bergan zarbalari qurbonlarining umumiy soni 30 kishiga yaqinlashgan. Shuningdek, 134 nafar inson yaralangan. Hatto 18 iyun Kiyevda motam kuni deb e’lon qilindi. Mazkur qonli hujum oqibatlari katta va dahshatli bo‘lganini Zelenskiyning G7 sammitini erta tark etganidan bilsa ham bo‘ladi. Rossiya dunyo e’tibori Yaqin Sharqqa qaratilganidan foydalanmoqda. Agarda shu hujum Eron va Isroil urushidan oldin uyushtirilganda Tramp va Putin o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashishi mumkin edi. Ammo hozir mutlaqo boshqa sharoit.

Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, so‘nggi voqealar fonida Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradosh Yevropa mamlakatlari sog‘liqni saqlash tizimini urush holatiga tayyorlamoqda. Dunyo e’tibori Yaqin Sharqda bo‘lishi Sharqiy Yevropa mamlakatlariga Rossiya tajovuzi ehtimolini oshirdi. Litva, Polsha va Estoniya kutilayotgan harbiy to‘qnashuv ehtimoliga qarshi turli choralarni ko‘rmoqda. Jumladan, Litva NATOning sharqiy qanotiga hujum bo‘lishi kabi eng yomon ssenariyga hozirlanyapti. Rossiyaning Ukrainaga to‘liq hajmdagi bosqini ortidan harbiy mojaro tahdidi keskin kuchaygani ta’kidlanmoqda. Mamlakatda harbiylar, politsiya, yong‘in o‘chirish xizmatlari, shifoxonalar va tibbiyot xodimlari favqulodda holatlarda qanday harakat qilishga o‘rgatilmoqda. Vilnyusdagi universitet klinikasi – Santaros Clinics energiya yoki suv ta’minoti to‘xtatilgan taqdirda ham faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yerosti infratuzilmasi, boshpanalar, vertolyot qo‘nish maydonchalari va avtonom tizimlarni ishlab chiqmoqda.

Estoniyada esa tez yordam brigadalari uchun zirhli jiletlar, an’anaviy aloqa tarmoqlari ishdan chiqqan holatlarda esa sun’iy yo‘ldosh telefonlari tarqatilishi rejalashtirilgan. Hatto zarurat tug‘ilsa, mustaqil internet tarmog‘ini yaratish rejalari ham bor. Ukraina tajribasidan kelib chiqib, sog‘liqni saqlash tizimiga elektr generatorlari o‘rnatilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ayniqsa, Sharqiy Yevropadagi ko‘plab shifoxonalar sovet davridan qolgan va ular zaif hisoblanadi. Estoniya, shuningdek, favqulodda holatlarda darhol foydalanish mumkin bo‘lgan mobil tibbiy bloklarni – vaqtincha davolash muassasalarini sotib olayotgani aytilmoqda. Bundan tashqari, Estoniya umumiy tizim tayyorgarligini kuchaytirmoqda: shifoxonalar, tez yordam brigadalari va tibbiyot xodimlari “inqiroz rejimi”ga o‘tishga – bemorlarning keskin ko‘payishi sharoitida ishlash va harbiy davrga xos jarohatlar – portlash, o‘q yaralari, kuyishlar, amputatsiyalar, umurtqa va bosh miyaga oid shikastlanishlar bilan shug‘ullanishga tayyorlanmoqda.

O‘zbekistonni maqtagan Durov va CNN

Telegram asoschisi Pavel Durov amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida O‘zbekistonga qilgan o‘tgan yilgi tashrifiga alohida to‘xtalib, bundan juda mamnun bo‘lganini aytdi. Intervyu bundan 9 kun oldin Karlsonning YouTube’dagi kanaliga joylanganiga qaramay, unda O‘zbekiston nomi tilga olinganiga endi e’tibor qaratildi. Durov intervyuda Fransiyada o‘zi bilan yuz bergan hibsga olinish voqeasini sharhlar ekan, shu orada O‘zbekistonga qilgan safarini ham esga olgan. Aslida O‘zbekiston haqida birinchi bo‘lib kutilmaganda Taker Karlson so‘z ochgan. U O‘zbekistonni tilga olib, uni sobiq sovet respublikalari haqidagi stereotiplarga zid holda xavfsiz deb atagan. U O‘zbekistonda shaxsan bo‘lmaganini, biroq ushbu mamlakat haqida birorta ham salbiy fikr eshitmaganini ta’kidlagan. Durov esa bunga javoban o‘tgan yili yozda O‘zbekistonda bo‘lganini va safardan mamnun bo‘lganini aytgan. U hatto O‘zbekistondagi inson huquqlariga bo‘lgan munosabatni Britaniya va Fransiya bilan solishtirgan.

“Men bu faktni (ya’ni odamlar O‘zbekistondan qo‘rqmasligini) hatto bilmasdim. Ammo gap aynan shunda. Bolaligimizda primitiv yoki ishlar qonun emas, balki monarx istagiga qarab yuradigan tizim sifatida qabul qilingan ayrim davlatlar keyinchalik ko‘rinadiki, ular senga, menga yoki inson huquqlariga ishonadigan har qanday oddiy insonga nisbatan juda normal munosabatda bo‘ladi. Ammo Fransiya yoki Buyuk Britaniya – bu boshqa masala”, deya fikrini yakunlagan Karlson.

Ammo mazkur fikrlar yaqin kunlarda O‘zbekiston haqida dunyo miqyosida aytilgan yagona yaxshi fikrlar emas. Taniqli xalqaro tahlilchi Richard Kvestga geosiyosiy o‘yin markazida joylashgan O‘zbekiston muvozanatni saqlashga intilgan holda barcha tomonlar bilan do‘stona munosabat o‘rnatayotganini alohida ta’kidladi. U mamlakat tashqi siyosatini “hech kimga qarshi emas, balki, hamma bilan do‘st” deb ta’rifladi. Masalan, Richard Kvest O‘zbekiston ichida Xitoy kompaniyalarining faoliyatiga shubha bilan fuqarolar yetarlicha ko‘pligiga qaramay, ikki mamlakat strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan munosabatlarni rivojlantirishda davom etayotganini misol qilib keltirgan. Kvest Samarqanddagi Registon maydonini O‘zbekiston tashqi siyosatining ramzi sifatida ko‘rsatdi. Uning ta’kidlashicha, Ipak yo‘li davridan buyon g‘oyalar va savdolar kesishgan bu maydon, bugun dunyo bilan do‘stlik va turli manbalardan sarmoya jalb qilish siyosatining ifodasiga aylangan.

Xitoy bilan “abadiy do‘stlashgan” Markaziy Osiyo

17 iyun kuni “Markaziy Osiyo – Xitoy” o‘rtasidagi ikkinchi sammit bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari Ostona deklaratsiyasini imzoladi. Ostona deklaratsiyasidan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma ham imzolandi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida o‘tgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va integratsion loyihalarda juda kamnamo bo‘lgan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi. Sammit yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari yana 12 ta, umumiy hisobda esa jami 14 ta hujjat qabul qildi. Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma va “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitining Ostona deklaratsiyasidan tashqari MO mamlakatlari sanoat boshqarmalari va Xitoy Xalq Respublikasi Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, Markaziy Osiyo – Xitoy mamlakatlari iqtisodiyot va savdo vazirliklari o‘rtasida to‘siqsiz savdo sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi, “Yashil minerallar” sohasida sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi, tezkor temiryo‘llar bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi memorandum, fuqarolarning o‘zaro sayohati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish tashabbusi, 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlar dasturi va boshqa hujjatlar qabul qilindi. 17 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda kambag‘allikka qarshi kurashish sohasidagi  hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan va "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" strategik temiryo‘li qurilishini jadallashtirish muhimligi ham qayd etilgan. Shuningdek, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirilgan. Eng muhimi esa yakunda ikki yetakchi huzurida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risida bayonnoma imzolangani e’lon qilindi. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitning umumiy tadbirida Afg‘oniston masalasini yana o‘rtaga tashladi va u bo‘yicha o‘zining muhim taklifini taqdim etdi. O‘zbekiston rahbari “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatida Afg‘oniston masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi guruh ta’sis etishni taklif qildi. O‘zbekiston yetakchisi Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg‘onistonni qayta tiklash va mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etilishiga ko‘maklashish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidladi.

“Biz uchun nafaqat qo‘shni, balki umumiy tarixiy-madaniy va iqtisodiy makonimizning ajralmas qismi bo‘lgan Afg‘oniston muammolariga xalqaro hamjamiyat e’tiborining pasayishi jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Shu munosabat bilan formatimiz doirasida ushbu masalalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi guruh ta’sis etishni va uning uchrashuvini Afg‘oniston vakillari ishtirokida chegaradosh Termizda o‘tkazishni taklif etaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa Si Szinpin bilan aloqada haqiqiy sharqona diplomatiya, ya’ni sovg‘a-salomlar ulashish yo‘lini tutdi. U  Xitoy hukumatiga 1500 bosh sayg‘oqni g‘arbiy Xitoyga joylashtirish uchun sovg‘a qildi. Ma’lum qilinishicha, ushbu noyob va qadimiy hayvon bo‘lmish sayg‘oq mazkur jonivorning populyatsiyasi Xitoyda qayta tiklanishi uchun sovg‘a qilingan. O‘z navbatida, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Qosim-Jomart To‘qayevga qabul qilingan qaror uchun minnatdorlik bildirgan, chunki Xitoy sayg‘oqlar populyatsiyasini tiklashni rejalashtirmoqda. Shuningdek, To‘qayev Szinpinni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, uning Qozog‘istonga tashrifi aynan shu sana bilan uyg‘un kelganini ramziy voqea sifatida e’tirof etgan.

Xitoy esa Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga 1,5 milliard yuanga, ya’ni taxminan 210 million dollar miqdordagi grant ajratishi e’lon qilindi. Si Szinpinning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mablag‘ ijtimoiy soha va infratuzilma loyihalariga yo‘naltiriladi. Sodda qilib aytganda, mazkur mablag‘lar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda odamlarning hayot sharoitlarini yaxshilash hamda rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar uchun ajratiladi. Maqsad esa mintaqaning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va MO davlatlarining Pekin bilan hamkorligini chuqurlashtirish.

“Biz shu yili besh mamlakatda aholining farovonligini oshirish va ularning mustaqil rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard yuanga teng beg‘araz grant ajratishga tayyormiz”, deydi Si Szinpin.

Shuningdek, Xitoy keyingi ikki yil uchun 3000 ta ta’lim kvotasi ajratadi. Mintaqa fuqarolari turli sohalar bo‘yicha bepul kurslarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu malakali kadrlarni tayyorlash va ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ma’lumot uchun, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasidagi birinchi sammit 2023 yil may oyida Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan. O‘sha paytda ham Xitoy 26 milliard yuanga teng yordam va investitsiyalar ajratilishini, uning savdo aloqalarini yengillashtirish, investitsion bitimlarni yangilash va “Markaziy Osiyo – Xitoy” gaz quvurini qurish kabi maqsadlar uchun mo‘ljallanganini e’lon qilgan. Bugungi kunga kelib esa Xitoyning Markaziy Osiyo bilan savdo aylanmasi 95 mlrd dollarga yetgan. Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari, Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarinning ta’kidlashicha, muhim yo‘nalishlardan biri bu – elektron savdo bo‘lib, u tovar va xizmatlar almashinuvini tezlashtirishga yangi imkoniyatlar ochmoqda. O‘zbekistonga keladigan bo‘lsak, Pekin va Toshkent o‘rtasidagi savdo aloqalari yildan yilga rivojlanib boryapti. Xitoy O‘zbekiston uchun Rossiya bilan birga ikki eng yirik savdo sherikdan biri hisoblanadi. Qayd etilishicha, 2024 yilda tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetgan. Investitsiya loyihalari portfeli esa 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Estoniya Litva Pol'sha Pavel Durov Isroil Markaziy Osiyo – Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing