Xitoyning harbiy harakatlari Tayvan suvlariga bosqin – orol ma’muriyati

Olam

image

Xitoyning Tayvan atrofidagi suvlarda jangovar o‘qlar bilan harbiy mashqlar o‘tkazish rejalari xalqaro yuk tashish yo‘llari va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solmoqda. Bu haqda bugun, 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida orol mudofaa bo‘limi vakili Sun Lifan ma’lum qildi.

“Bu xalqaro tartibni shubha ostiga qo‘yuvchi, Tayvan bo‘g‘ozidagi status-kvoga putur yetkazuvchi va mintaqaviy xavfsizlikni xatarga qo‘yuvchi mantiqsiz harakatdir”, degan u.

Sun Lifan Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi (XOA) harakatlarini Tayvan suvlariga bosqin deb atagan.

Shu bilan birga, departament vakili orol qurolli kuchlari suverenitet va uning hududlarini himoya qilish, “har qanday tajovuzga qarshi turish” niyatida sobit ekanini qayd etgan.

Avvalroq agentlik Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi mashqlari orolning yirik portlari va shahar aglomeratsiyalariga tahdid solishga urinish, “mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka putur yetkazish bo‘yicha bir tomonlama urinish” va “harbiy qo‘rqitish” taktikasi ekanligi haqida bayonot bergan edi.

“Sinxua” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy armiyasi Harbiy-dengiz kuchlari va havo kuchlari 4-7 avgust kunlari Tayvan atrofidagi oltita hududda jangovar snaryadlar bilan mashg‘ulot o‘tkazyapti. Shu bilan birga, belgilangan oltita mashq zonasidan uchtasi orol ma’muriyati o‘zining hududiy suvlari deb hisoblagan suv zonalarida joylashgan.

Shu bilan birga, belgilangan oltita mashq zonasidan uchtasini orol ma’muriyati o‘zining hududiy suvlari deb hisoblagan akvatoriyada joylashgan. Ushbu hududlardan biri orolning janubi-g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan eng katta port – Gaosyundan 20 km dan kamroq masofada joylashgan.

Xitoyning Sharqiy jangovar qo‘mondonlik zonasi Tayvan bo‘g‘ozida uzoq masofali artilleriya otishmalarini amalga oshirish, shuningdek, Tayvan sharqidagi suvlarda yadrosiz kallakli raketalarni uchirish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Tayvan atrofidagi vaziyat AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifi sabab keskinlashdi. Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taypeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, bugun, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol ma’muriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi.

Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommyunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH ma’muriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.

Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi.

Tayvan va AQSH munosabatlari

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy-Tayvan'

Baholaganlar

72

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing