Xitoylik olimlar koronavirusning “nozik joyi”ni topishdi
Olam
−
11 mart 2020
51461Xitoylik olimlar koronavirusning “nozik joyi”ni, ya’ni uning haroratga ta’sirchanligini aniqlashdi. COVID-19 koronavirusi selsiy bo‘yicha +9 daraja atrofida, aniqrog‘i +8,72 darajada tez tarqaladi.
“South China Morning Post” nashrining yozishicha, Sun Yatsen universiteti bazasida ishlovchi olimlar infeksiya yuqori haroratga ta’sirchanligini ham aniqlagan.
Ma’lumot o‘rinda aytish joizki, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat Xitoydan tashqarida jiddiy tus olib boryapti. Rossiya poytaxti Moskvada koronavirus sababli sport va boshqa turdagi ommaviy tadbirlar taqiqlandi.
Shu bilan birga, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasidagi nazorat bo‘yicha federal xizmat (Rospotrebnadzor) qatnov ko‘payadigan vaqtda zarurat bo‘lmasa, jamoat transportidan foydalanmaslikni tavsiya qilyapti. Shuningdek, vahima qilishga hojat yo‘qligi ta’kidlanyapti.
Yevropa davlatlari, xususan, Italiya, Fransiya, Ispaniya va Germaniyada ham koronavirus bilan kasallanish holatlari ortib boryapti. Italiyada allaqachon ommaviy tadbirlar va mamlakat bo‘ylab harakatlanish taqiqlandi. Hukumat maktablarni ham yopib qo‘ydi.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Virus bugungacha 119 davlatga kirib bordi. Undan halok bo‘lgan 4299 nafarga, kasallanganlar 119 214 nafarga yetdi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi