Xitoylik olimlar inson tanasidan energiya olish texnologiyasini yaratdi
Olam
−
02 Sentabr 3806 1 daqiqa
Xitoy tadqiqotchilari inson tanasining issiqligidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan yangi material – “termoelektr kauchuk”ni ixtiro qildi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.
Mazkur elastik material yarimo‘tkazgichli polimerlar va kauchuk asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, u tana haroratini elektr quvvatiga aylantiradi. Olimlarning ta’kidlashicha, bu yangilik kelajakda aqlli gadjetlar uchun zaryad manbai bo‘lishi, shuningdek, elektr tarmog‘i mavjud bo‘lmagan sharoitlarda turli qurilmalarni ishlatishda qo‘l kelishi mumkin. Masalan, aqlli soatlarni tana issiqligi yordamida zaryadlash yoki sayohat vaqtida telefonni quvvatlantirish mumkin bo‘ladi.
Kelgusida ushbu texnologiyani “aqlli kiyimlar”ga integratsiya qilish rejalashtirilgan. Bunday kiyimlar nafaqat smartfonni zaryadlaydi, balki foydalanuvchining tana haroratini muvofiqlashtirish imkonini ham beradi.
Shuningdek, olimlar materialga turli sensorlarni o‘rnatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Natijada, u bosim, kimyoviy tarkib yoki nafas olishni kuzatishi mumkin. Bu esa nafaqat sog‘liq monitoringi, balki viruslarni aniqlash yoki hatto o‘pka saratoni tashxisida foydalanish imkonini beradi. Masalan, kelajakda ushbu material asosida kasalliklarni erta aniqlashga yordam beradigan aqlli niqoblar yaratilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval Xitoyda ilk bor insonga cho‘chqa o‘pkasi ko‘chirib o‘tkazilgani haqida bergan edik.
Jahongir Boltaboyev
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr