Xitoydagi maktab va bog‘chalarda infeksiyalar sabab nazorat kuchaytirilmoqda
Salomatlik
−
05 dekabr 2023
4586Xitoydagi maktablar va bolalar bog‘chalari qish mavsumida o‘tkir respirator kasalliklarning tarqalishi fonida profilaktik nazorat choralarini kuchaytiradi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi ta’lim vazirligi e’lon qilgan hujjatda aytiladi.
Qayd etilishicha, har xil turdagi kasalliklarning bir-biriga o‘xshash davrlari va epidemiya cho‘qqilarining almashinishi ehtimoli tufayli ta’lim muassasalari ilmiy va samarali choralar ko‘rishlari kerak.
Vazirlik o‘tkir respiratorli infeksiyalar bo‘yicha monitoring va erta ogohlantirish choralarini kuchaytirish zarurligini bildirgan.
“Boshlang‘ich va o‘rta ta’lim maktablari, shuningdek, bog‘chalarda ertalab va kunduzgi nazorat tizimini joriy etishga e’tibor qaratish lozim”, deyiladi hujjatda.
Avvalroq Xitoy rasmiylari mamlakatda o‘tkir respirator kasalliklarga chalinganlar soni ortgani haqida xabar bergan edi. Xitoy Xalq Respublikasi Gigiyena va sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi vakili Mi Fen yaqin kelajakda Xitoyda o‘tkir respirator infeksiyalar soni o‘sishda davom etishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallikning eng so‘nggi qayd etilgan holatlari gripp virusi tufayli yuzaga kelgan va ba’zi bemorlarda rinovirus, mikoplazma pnevmoniyasi, respirator-sinsitial virus va adenovirus ham bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar Xitoyda yangi viruslar yoki bakteriyalar sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘tkir respirator kasalliklar holatlarini aniqlamagan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 22 noyabr kuni Xitoydan bolalarda nafas olish yo‘llari kasalliklarining ko‘payishi haqida qo‘shimcha ma’lumot so‘radi. Xususan, JSST gripp, SARS-CoV-2 koronavirusi, respirator-sinsitial virus va mikoplazma pnevmoniyasining tarqalish tendensiyalari haqidagi ma’lumotlarga qiziqdi. 27 noyabr kuni JSST direktori vazifasini bajaruvchi Mariya van Kerkxove Xitoyda o‘tkir respirator infeksiyalar sonining ko‘payishi yangi patogenlar bilan bog‘liq emasligini va COVID-19 infeksiyalari soni 2018-2019 yillardagi ko‘rsatkichlardan oshmasligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham mavsumiy kasalliklar tarqalishi sabab kuni kecha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishi zanjirini uzishga harakat qilish kerakligini aytib chiqqandi. U ota-onalarga kasallik belgilari bo‘lgan farzandlarini bog‘cha va maktablarga, oliy ta’lim muassasalariga yubormaslikni maslahat bergandi.
LiveBarchasi