Xitoydagi eng katta cho‘l daraxt bilan o‘rab olindi
Olam
−
29 noyabr
15032Xitoy 46 yillik kampaniyasini yakunlab, mamlakatning eng katta Taklamakon cho‘lini daraxtlar bilan o‘rash ishlarini tugatdi. Ushbu loyiha davlatning cho‘llanishga qarshi kurash va bahorda mamlakatning ayrim hududlarini “bezovta qiladigan” qum bo‘ronlarini kamaytirish borasidagi milliy sa’y-harakatlarining bir qismi sifatida amalga oshirildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Taklamakon cho‘lini o‘ragan 3 ming kilometr uzunlikdagi “yashil belbog‘” loyihasi shimoli-g‘arbiy Shinjon hududida sahroning oxirgi 100 metr janubiy chegarasida daraxt ekilishi bilan yakunlangan.
Sahroni daraxtlar bilan o‘rash ishlari 1978 yilda xalq orasida “Buyuk yashil devor” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Uch shimoliy himoya belbog‘i” loyihasi doirasida boshlangan. Shu vaqt mobaynida 30 million gektar maydonda daraxt ekilgan.
Mamlakatning quruq shimoli-g‘arbiy hududida amalga oshirilgan daraxt ekish ishlari natijasida Xitoyning umumiy o‘rmon bilan qoplangan hududi o‘tgan yil oxiriga kelib 25 foizdan oshgan. Bu ko‘rsatkich 1949 yilda 10 foiz atrofida bo‘lgan. Faqatgina Shinjon hududida o‘rmon qoplami so‘nggi 40 yilda 1 foizdan 5 foizgacha oshgan.
“Loyiha davomida turli daraxt va o‘simlik turlarining chidamliligini sinab ko‘rish uchun yillar sarflandi. Biroq tanqidchilarning fikricha, daraxtlarning yashab qolish darajasi ko‘pincha past bo‘lgan va loyiha qum bo‘ronlarini kamaytirishda samarasiz bo‘lib kelgan. Bu bo‘ronlar muntazam ravishda Pekin shahriga yetib boradi”, deyiladi xabarda.
Shinjon o‘rmon xo‘jaligi rasmiysi Chu Lidunga ko‘ra, Xitoy Taklamakon sahrosi chekkasida ko‘chat ekishni davom ettiradi. Uning shimoliy chegarasidagi terak o‘rmonlari suv toshqinlarini yo‘naltirish orqali qayta tiklanadi. Shuningdek, rasmiylar sahroning g‘arbiy chegarasidagi qishloq xo‘jaligi yerlari va bog‘larni himoya qilish uchun yangi o‘rmon tarmoqlarini yaratishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning daraxt ekish bo‘yicha sa’y-harakatlariga qaramay, mamlakat hududining 26,8 foizi hanuzgacha “cho‘llangan” deb tasniflanadi. Bu ko‘rsatkich 10 yil avval 27,2 foiz bo‘lgan.
LiveBarchasi