Xitoyda josuslikda ayblangan jurnalistga hukm o‘qildi

Olam

image

Xitoyning Pekin shahar sudi Yaponiya va AQSH diplomatlari, olimlari hamda jurnalistlari bilan muntazam uchrashib kelgan Kommunistik partiya gazetasining jurnalistini josuslikda aybdor deb topib, uni yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

“Guangming Daily”ning sobiq muallifi va muharriri 62 yoshli Dun Yuyyuyga joriy yilning 29 noyabr kuni Pekin xalq sudi tomonidan hukm o‘qilgan. Jurnalistning oila a’zolari hukm sudda o‘qib eshittirilgani, ammo Yuyyuyning advokatlari e’tiboriga taqdim etilmaganini bildirgan.

Sudlanuvchining oilasi ayblovni “mutlaqo bema’nilik” deb atab, jurnalistni mustaqillik uchun intilgani va chet el davlatlari vakillari bilan aloqalari uchun jazolamoqchi ekanini ta’kidladi. Ma’lum bo‘lishicha, u AQSH va Yaponiyadan bo‘lgan fuqarolar bilan doimiy muloqotda bo‘lgan hamda ushbu mamlakatlar muassasalari bilan ilmiy ish olib borgan.

Yuyyuy 2022 yilning fevralida Pekin markazidagi restoranda yapon diplomati bilan uchrashgan vaqtida qo‘lga olingan. Rasmiylar oradan bir necha soat o‘tgach diplomatni qo‘yib yuborgan bo‘lsa-da, ular Yuyyuyni hibsda olib qolgan va oxir-oqibatga unga nisbatan josuslik bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

Yuyyuy oilasiga ko‘ra, sud qarorida jurnalist uchrashgan bir qator yapon diplomatlari, jumladan, sobiq elchi “josuslik tashkiloti” (Yaponiyaning Pekindagi elchixonasi nazarda tutilgan) agentlari, deya ta’riflangan. Oila hukmni “ochiq adolatsizlik” deb atab, Dun butun jurnalistik faoliyati davomida namoyish etgan mustaqilligi uchun ta’qib qilinayotganini ta’kidlagan.

Yuyyuy “Guangming Daily” gazetasida 1987 yildan beri ishlaydi. G‘arb ommaviy axborot vositalari yozganidek, u o‘z maqolalarida XXR rahbariyatini bevosita tanqid qilmasdan, mo‘’tadil islohotlarni yoqlagan. 2007 yilda u Garvard universitetida Nieman stipendiyasini olgan va keyinchalik Yaponiya universitetlarida professor-o‘qituvchi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus Tergov qo‘mitasi Aleksandr Lukashenkoning muxoliflariga qarshi yangi yirik jinoiy ish ochgandi. Gumonlanuvchilar ro‘yxatida 45 kishi bor. Ular 2025 yilda Belarusdagi saylovlarni buzish rejasini ishlab chiqishga urinishda ayblanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Guangming Daily Pekin shahar sudi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing