Xitoyda to‘rt nafar Kanada fuqarosi qatl etildi

Olam

image

Xitoy hukumati giyohvand moddalarni saqlashda ayblangan to‘rt nafar Kanada fuqarosini qatl etdi. Bu haqda kecha, 20 mart kuni “The Wall Street Journal” xabar berdi. 

Kanada Tashqi ishlar vaziri Melani Joli to‘rt nafar fuqaro Kanada va Xitoy fuqaroligiga ega bo‘lganini va ular 2025 yil boshida qatl etilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u va o‘sha paytdagi bosh vazir Jastin Tryudo bu jarayonga aralashishga harakat qilgan, ammo natija bo‘lmagan. Joli Xitoydan boshqa shunday vaziyatga tushgan kanadaliklarga nisbatan yengillik ko‘rsatishni so‘ragan.

Kanadaning bu boradagi bayonotiga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Ninning ta’kidlashicha, Xitoy qonun oldida barcha millat vakillariga bir xil munosabatda bo‘ladi.

“Kanada qonun ustuvorligini hurmat qilishi va Xitoyning sud suverenitetiga aralashishni to‘xtatishi kerak”, dedi Mao Nin.

Xitoy hukumati giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga nisbatan qat’iy siyosat yuritadi. Mamlakat qonunlariga ko‘ra, narkotik moddalar kontrabandasi uchun uzoq muddatli qamoq jazosi, umrbod qamoq yoki o‘lim jazosi qo‘llaniladi.

“Amnesty International” ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy dunyodagi eng ko‘p qatl o‘tkazadigan davlat hisoblanadi. Aniq raqamlar oshkor qilinmaydi, biroq huquq himoyachilari 2023 yilda minglab odamlar qatl etilganini qayd etgan. WSJ ta’kidlashicha, Xitoy odatda G‘arb davlatlari fuqarolariga nisbatan o‘lim jazosini kam qo‘llaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda sheriklari bilan birgalikda 17 nafar bolani o‘g‘irlab, sotgan 61 yoshli ayol qatl etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy qatl

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing