Xitoyda sobiq vazir poraxo‘rlik uchun o‘limga hukm qilindi
Olam
−
23 Sentabr 2022
9644Kecha, 22 sentyabr kuni Xitoyning sobiq Adliya vaziri va Jamoat xavfsizligi vazirining o‘rinbosari Fu Chjenxua ikki yillik muddat bilan o‘limga hukm qilindi. Ikki yildan keyin hukm o‘zgartirilib, umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Sud hukmiga ko‘ra, u umumiy miqdorda 117 mln yuan (16,5 mln dollar atrofida) pora olishda aybdor deb topilgan.
Fu Chjenxua siyosiy huquqlaridan mahrum qilinib, uning mulki davlat foydasiga xatlanishiga qaror qilindi. Ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandan so‘ng, hukm apellyatsiya va shartli ravishda ozod qilishsiz umrbod qamoq jazosiga almashtirilishi mumkin.
Tergovning aniqlashicha, Fu Chjenxua 2005 yildan 2021 yilgacha turli davlat va partiya lavozimlarida ishlagan vaqtida biznesga homiylik qilgan, shuningdek, o‘z mansabidan shaxsiy maqsadlarda foydalangan. Bundan tashqari, u ukasi Fu Veyxua tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning muhim dalillarini yashirganlikda aybdor deb topildi.
Fu Chjenxua o‘z aybiga iqror bo‘ldi va pushaymonligini bildirdi, shuningdek, noqonuniy yo‘l bilan olingan mol-mulkni topishda yordam berdi va boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Fu Chjenxuaning ichki partiya tekshiruvi 2021 yil oktyabr oyida boshlangan. Avvalroq Xitoy ommaviy axborot vositalari uning ishi Jamoat xavfsizligi vazirining boshqa o‘rinbosari Sun Litsyunga qarshi 2020 yilda boshlangan tergov bilan bog‘langani haqida xabar bergan. Keyinroq Sun Litszyun umumiy miqdorda 646 million yuan (taxminan 95,74 million dollar) miqdorida pora olganiga iqror bo‘lgan.
LiveBarchasi