Xitoyda sobiq bank boshqaruvi raisi o‘limga hukm qilindi
Olam
−
26 noyabr
5075Dunyodagi eng yirik banklardan biri – Bank of China sobiq boshqaruvi raisi va partiya qo‘mitasi kotibi Lyu Lyange poraxo‘rlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Xitoy Oliy xalq prokuraturasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Xitoy Xalq Respublikasi sudining qaroriga ko‘ra, Bank of China’ning sobiq partiya kotibi va boshqaruv kengashi raisi Lyu Lyange korrupsiya va noqonuniy kredit berish uchun o‘lim jazosi bilan jazolangan. Xitoy Oliy xalq prokuraturasiga ko‘ra, Lyu 121 million yuanga (16,8 million dollar) teng pora olgan.
Jazo ijrosi ikki yilga kechiktirilgan. Sud, shuningdek, Lyu Lyangeni butun umr siyosiy huquqlardan mahrum etishga va noqonuniy olingan barcha aktivlarini davlat foydasiga musodara qilishga hukm qilgan. Ikki yil o‘tgach, agar hukm qilingan shaxs boshqa jinoyatlar sodir etmasa, o‘lim jazosi umr bo‘yi qamoqqa almashtiriladi.
Ma’lumot uchun, Si Szinpin 2012 yilda Xitoy Xalq Respublikasi rahbari bo‘lib saylanganidan keyin mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash sezilarli darajada kuchaygan. So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kampaniya tufayli nafaqat oddiy davlat xizmatchilari, balki yuqori martabali amaldorlar ham lavozimlaridan mahrum qilinib, hatto umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Guandun provinsiyasi Umumxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Chen Szisin pora olishda aybdor deb topilib, shartli o‘lim jazosiga hukm qilingan edi. Shuningdek, oldinroq Xitoy Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari Fan Yifei pora olishda aybdor deb topilib, shartli o‘lim jazosiga hukm qilingandi. U sudda Markaziy bank va boshqa moliya institutlaridagi, jumladan, Xitoy qurilish bankidagi yuqori lavozimidan foydalangan holda 386 million yuandan (54,55 million dollar) ko‘proq qiymatdagi mol-mulkni noqonuniy qabul qilishda aybdor deb topilgan.
LiveBarchasi
26 noyabr