Xitoyda sinov poyezdi 11 kishini bosib ketdi
Olam
−
27 noyabr 6957 1 daqiqa
Bugun, 27 noyabr kuni ertalab Xitoyning janubidagi Yunnan provinsiyasida temiryo‘lda “avariya” sodir bo‘ldi. Unda 11 ishchi halok bo‘lgan va yana 2 ishchi jarohat olgan. Bu haqda Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.
Keltirilishicha, seysmik uskunalarni sinovdan o‘tkazish uchun foydalanilgan № 55537 sinov poyezdi Kunmindagi Luoyangjen stansiyasida qurilishda ishlayotgan ishchilar bilan to‘qnashgan.
Hodisa vaqtida poyezd temiryo‘l chizig‘ining egri qismida ish olib borayotgan ishchilar ustiga borib urilgan. Oqibatda voqea joyida 11 kishi halok bo‘lgan va 2 kishi jarohat olgan.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, voqea joyiga tezkor qutqaruv guruhlari jalb etilgan hamda favqulodda vaziyatlar rejimi darhol faollashtirilgan.
Kunming temiryo‘l boshqarmasi ijtimoiy tarmoq orqali halok bo‘lganlar va ularning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
Qutqaruv ishlari yakunlangach, stansiya faoliyati qayta tiklandi. Ayni paytda hodisa sabablari bo‘yicha tergov olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gonkongda yetti qavatli turarjoy binosi yonib ketgani haqida xabar berilgandi. Rasmiylarga ko‘ra, yong‘inda kamida 44 kishi vafot etgani, 270 dan ortiq odam bedarak yo‘qolganlar sifatida ro‘yxatga olingani ma’lum qilingan.
Komila Qobilova
Live
Barchasi