Xitoyda poraxo‘r mansabdor o‘limga hukm qilindi

Olam

image

Xitoy sudida poraxo‘rlik jinoyati uchun mansabdor shaxs o‘lim jazosiga hukm qilindi, biroq hukm ijrosi ikki yilga kechiktirildi. Ayblanuvchi noqonuniy tarzda 15 million dollardan ortiq mablag‘ olgan. Bu haqda Xitoy Markaziy televideniyesi xabar berdi.

Telekanalga ko‘ra, Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Xunan provinsiyasi qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Day Daotszin poraxo‘rlikda aybdor deb topilib, Guandun provinsiyasining Chjuxay shahridagi xalq sudi tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Sud hukmiga ko‘ra, Day Daotszin poraxo‘rlik uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan, ammo bu hukm ijrosi ikki yilga kechiktirildi. Shuningdek, u butun umr siyosiy huquqlardan mahrum etilib, uning barcha shaxsiy mulki musodara qilingan. 

Ma’lum bo‘lishicha, Day Daotszin turli lavozimlarda ishlagan paytida xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalangan. Xususan, u bevosita yoki o‘z qarindoshlari orqali jami 107 million yuandan (taxminan 14,9 million dollar) ortiq moliyaviy va moddiy boyliklarni noqonuniy ravishda qabul qilgan. 

U iste’foga chiqqandan keyin ham eski aloqalaridan foydalanib, yana 3,66 million yuan (510 ming dollar atrofida) qiymatidagi boyliklarni noqonuniy olgan.

Ma’lumot uchun, Xitoyda poraxo‘rlik uchun o‘lim jazosini ikki yilga kechiktirish bilan chiqarilishi odatiy hol. Bunday hollarda, agar ikki yil o‘tganidan so‘ng, sudlanuvchi yaxshi xulq ko‘rsatsa, o‘lim jazosi umrbod qamoqqa almashtiriladi, lekin yengillik berilmaydi va muddatidan ilgari ozod etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Xux-Xoto shahridagi iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasida Kommunistik partiyaning ishchi qo‘mitasi sobiq kotibi Li Szyanpin korrupsiya jinoyatlari uchun qatl etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy o'lim jazosi poraxo'r mansabdor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing