Xitoyda pora olgan amaldor o‘limga hukm qilindi
Olam
−
10 Oktabr
12349Xitoy Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari Fan Yifei pora olishda aybdor deb topilib, shartli o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bu moliyaviy sohadagi keng ko‘lamli korrupsiyaga qarshi kurash doirasida amalga oshirilmoqda. Fan sudda Markaziy bank va boshqa moliya institutlaridagi, jumladan, Xitoy qurilish bankidagi yuqori lavozimidan foydalangan holda 386 million yuandan (54,55 million dollar) ko‘proq qiymatdagi mol-mulkni noqonuniy qabul qilishda aybdor deb topilgan.
Qayd etilishicha, ikki yillik muhlatdan keyin Fanning o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtirilishi mumkin. Lekin unga ozodlik yoki jazoni yengillashtirish imkoniyati berilmaydi.
“Fan Yifei nihoyatda katta miqdorda pora olgan va uning jinoyatlari juda jiddiy. Jamiyatga ta’siri o‘ta salbiy bo‘lgan va davlat hamda xalq manfaatlariga juda katta zarar yetkazilgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 60 yoshli Fan oxirgi o‘n yil ichida Xitoy Raisi Si Szinpinning korrupsiyaga qarshi kurashi doirasida hibsga olingan Xitoy Xalq Bankining eng yuqori lavozimdagi rasmiylaridan biri bo‘lgan. Bu amaliyotlar moliyaviy sektordagi korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Xitoyning korrupsiyaga qarshi kurash idorasi so‘nggi oylarda moliya sektoriga keng ko‘lamli zarba bergan. Ular mamlakatning eng yirik nomlarini, jumladan, Xitoy davlat bankining sobiq raisi Lyu Liang va davlatga qarashli Xitoy hayot sug‘urtasi sobiq rahbari Van Binni ham qo‘lga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pekin sudi Xitoyda hibsga olingan avstraliyalik yozuvchi Yan Xenszyunni josuslikda aybdor deb topib, uni shartli o‘lim jazosiga hukm qilgan edi.
LiveBarchasi