Xitoyda muntazam ortiqcha ishlab kelgan xodim ish joyida vafot etdi
Olam
−
06 may 2025 5228 2 daqiqa
Xitoyda Li ismli o‘qituvchi 400 nafar talabaga dars berishdan qattiq ishlagani va stress tufayli vafot etdi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.
O‘qituvchining aniq yoshi aytilmagan, ammo u hali 30 yoshga to‘lmagani ma’lum. Li maktab o‘quvchilari uchun onlayn darslarga ixtisoslashgan kompaniyada taxminan besh yil ishlagan. Nashrda kompaniya nomi oshkor etilmagan, biroq repetitorlik platformasidan foydalanuvchilar soni 160 millionga yaqinlashgani ko‘rsatilgan.
Erkak uzoq dam olish kunlaridan oldin bir necha kun qo‘shimcha ishlashga majbur bo‘lgan. U 22 aprel kuni smenaga jo‘nab ketgan va kechasi ham ishlagan. Rafiqasi u bilan telefon orqali bog‘lana olmagan va politsiyaga murojaat qilgan. Ertalab farrosh Lini ofisdan o‘lik holda topgan. Keyinroq shifokorlar uning o‘limini tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, uning yuragi to‘satdan to‘xtab qolgan. Lining oilasi uning o‘limi ish bilan bog‘liqligini isbotlash uchun hujjatlar tayyorlamoqda.
25 aprel kuni kompaniya rasmiy bayonot bilan chiqib, xodimning o‘limi ortiqcha ishlash bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, Li vafot etgan kunda barcha xodimlar bayramga taklif qilingan, shu bois o‘sha kuni ortiqcha ish rejimi rejada bo‘lmagan.
Shunga qaramay, tarmoqlarda sobiq xodimlarning ushbu xabarga munosabatlari tarqaldi. Ulardan birining yozishicha, Li 400 nafar o‘quvchini boshqargan, ota-onalarning so‘rovlariga javob qaytargan va muntazam kuniga ortiqcha olti soat ishlagan.
Tashkilotdagi ish tartibi ham juda qattiq bo‘lgan. Xodimlar hojatxonaga borganda yoki tushlik qilganda ham rahbariyatga hisobot berishga majbur bo‘lgan. Vang ismli sobiq xodim o‘tgan yili ishdan bo‘shatilgan, chunki u doimiy haddan tashqari ishdan charchagan. Chjan familiyali xodim esa Lining o‘limini bilib, ertasi kuni ishdan bo‘shagan.
Live
Barchasi