Xitoyda mafiya oilasining yana 4 a’zosi qatl etildi
Olam
−
13:38 2014 2 daqiqa
Xitoyda Myanmadagi firibgarlik (skam) markazlari tarmog‘ini boshqargan Bay mafiya oilasi a’zolarining to‘rt nafariga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosi ijro etildi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.
Ular 2025 yil noyabrida “qasddan odam o‘ldirish, telekommunikatsiya sohasidagi firibgarlik va noqonuniy giyohvand moddalar savdosi kabi bir qator jinoyatlar” uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan.
“Qatl Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq sudi sanksiyasi bilan Guandun viloyatining (Janubiy Xitoy) Shenchjen shahri sudi tomonidan amalga oshirildi”, deyiladi xabarda.
BBC’ning yozishicha, Bay, Min va yana bir necha jinoiy klanlar yillar davomida Myanmaning chegaraga yaqin Laukkay shahrini nazorat qilib kelgan. Ular u yerda kazino, porno-industriya mavzelari va kiberfiribgarlik markazlarini boshqargan. Hatto o‘zining harbiylashtirilgan bo‘linmasiga ega bo‘lgan Bay oilasi 41 ta yopiq majmua barpo etib, ularda firibgar koll-markazlar va kazinolarni joylashtirgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Bay oilasi a’zolari taxminan 11 tonna metamfetamin ishlab chiqarish va sotishda ham ishtirok etgan.
Bay oilasining jinoiy faoliyati oqibatida Xitoyning olti nafar fuqarosi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi jarohat olgan. “Sinxua”ga ko‘ra, qatl etilganlar orasida jinoiy guruhi boshlig‘i Bay Insan ham bo‘lgan. BBC esa Bay oilasining yetakchisi Bay Suochen bo‘lganini, u boshqalar bilan birga sud qilinganini, biroq hukm ijrosigacha yetmay, kasallik tufayli vafot etganini yozmoqda.
BBC’ga ko‘ra, jinoyatchi oilalar 2000 yillarning boshidan buyon Laukkayni nazorat qilib kelgan, biroq 2023 yilda Pekin Myanma harbiylarining firibgarlik sindikatlariga qarshi chora ko‘rmayotganidan noroziligini bildirgan va bu hududdagi etnik isyonchilarning hujumini norasmiy tarzda qo‘llab-quvvatlagan. Natijada sindikatlar tor-mor etilib, ularning a’zolari qo‘lga olingan va Xitoyda sud qilingan. Jinoiy oilalarning asosiy qurbonlari aynan Xitoy fuqarolari bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Myanmada firibgarlik skam-markazlari tarmog‘ini boshqargan Min mafiya oilasining 11 nafar a’zosi qatl etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi