Xitoyda koronavirus bilan qayta kasallanish holati qayd etildi
Olam
−
24 fevral 2020
7718Xitoyning koronavirus paydo bo‘lgan Xubey provinsiyasining Uxan shahrida virusdan davolanganlarning qayta kasallanish holati qayd etildi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Sog‘liqni saqlash milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, COVID-19 virusidan davolangan 195 kishida koronavirus bilan qayta kasallanish qayd etilgan.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 33 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil, Iroq va Bahraynda aniqlandi.
Virusdan bugungacha 2619 kishi halok bo‘ldi, 79 561 kishi u bilan kasallandi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi