Qishloqdagi uyning bir qismi qulab tushdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Xitoyning Sichuan provinsiyasida oilaviy tadbir vaqtida uyning bir qismi qulab tushdi. Hodisa oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi, 17 kishi jarohatlandi. Bu haqda mamlakat markaziy televideniyesi xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa Channin uyezdidagi Sinbao qishlog‘ida oilaning farzandlari oliy ta’lim muassasasiga kirganini nishonlash uchun dasturxon yozilgan paytda sodir bo‘lgan. Kuchli yomg‘irlar oqibatida to‘plangan suv devorga mahkam o‘rnatilgan vaqtinchalik soyabonga ortiqcha og‘irlik qilgan. Oqibatda soyabon devor bilan birga qulab tushgan.

Halok bo‘lgan 5 kishidan 3 nafari voqea joyida, yana 2 nafari esa shifoxonada vafot etgan. Jarohatlangan 17 kishi tibbiy yordam uchun shifoxonaga olib borilgan.

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar orasida bolalar yoki yoshlar bor-yo‘qligi hozircha noma’lum.

Bildirilishicha, Sichuan provinsiyasida hafta boshida kuchli yomg‘irlar bo‘yicha ogohlantirish e’lon qilingan. Rasmiylar, shuningdek, yomg‘irlar tufayli geologik ofatlar yuzaga kelish xavfi yuqoriligidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Delfin” tayfuni sababli Pekinda ommaviy evakuatsiya e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing