Dunyodagi eng yirik oltin koni topildi
Olam
−
15 Oktabr 123629 2 daqiqa
Xitoy geologlari Xunan provinsiyasida dunyodagi eng yirik oltin rudasi konini topdi. Bu haqda “Popular Mechanics” xabar berdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yer ostida 1100 tonnagacha oltin ko‘milgan bo‘lishi mumkin, bu taxminan 83 milliard dollarga teng. Xitoy davlat matbuotiga ko‘ra, kashfiyot Pinszyan okrugidagi faol Vangu oltin koni ostidan chiqqan. Geologlar taxminan 2000 metr chuqurlikda 40 dan ortiq oltin tomirlarini aniqladi va 3D modellashtirish zahiralar yanada chuqurroq, 3 kilometrgacha cho‘zilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jinsdagi oltin miqdori har tonna ruda uchun 138 grammni tashkil etadi – bu jahon oltin qazib olish sanoati uchun juda kam uchraydigan ko‘rsatkich.
“Ko‘plab burg‘ulangan jinslar ko‘rinib turgan oltinni ko‘rsatdi”, dedi Xunan provinsiyasi Geologiya byurosining ruda qidirish bo‘yicha mutaxassisi Chen Rulin.
Agar hisob-kitoblar tasdiqlansa, kon uzoq vaqtdan beri taxminan 1025 tonna oltin zahiralari bilan dunyodagi eng yirik hisoblangan Janubiy Afrikaning Janubiy chuqur koni (South Deep)ni ortda qoldiradi.
Bu kashfiyot allaqachon jahon bozorlariga ta’sir qilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, oltin narxi bir unsiya uchun 2700 dollargacha ko‘tarilgan. Oltinning eng yirik ishlab chiqaruvchisi va iste’molchisi bo‘lgan Xitoy jahon qimmatbaho metallar bozoridagi o‘z mavqeini sezilarli darajada mustahkamlashi mumkin.
Geologiya byurosi boshlig‘i o‘rinbosari Lyu Yunszyunning so‘zlariga ko‘ra, burg‘ulash ishlari davom etmoqda va uchastka yaqinida qo‘shimcha oltin rudasi zahiralari allaqachon aniqlangan. Mutaxassislarning fikricha, bu kashfiyot XXI asrda jahon tog‘-kon sanoati uchun muhim voqea bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 6 oktyabr kuni oltin narxi tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetib, birinchi marta 4000 dollardan oshgandi.
Live
Barchasi