Xitoyda “Doksuri” to‘foni oqibatida 724 mingdan ortiq odam jabrlandi (foto+video)
Olam
−
29 iyul 2023
5063Xitoyga yopirilgan “Doksuri” to‘foni oqibatida 724,6 ming odam jabrlandi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, to‘fon Xitoyning janubi-sharqiy qirg‘oqlari va Tayvanga kecha, 28 iyul kuni yetib borgan. Filippinda esa tabiiy ofat oqibatida 39 kishi halok bo‘lgan.
Xitoyning dengiz bo‘yida joylashgan Futszyan provinsiyasida to‘fon kecha mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da boshlangan. Qirg‘oq hududlarida shamol tezligi soatiga 175 kilometrgacha yetgan. Xitoy davlat axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, viloyatda 724,6 ming kishi to‘fondan jabrlangan, 416 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.
Xitoy bo‘ylab Syamin, Guanchjou va Chjanchjou kabi bir nechta qirg‘oqbo‘yi shaharlarda kecha tushdan so‘ng korxona, fabrika va maktablar vaqtincha yopilgan. Kuchli shamol sabab Syamin shahrining ayrim qismlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
“Doksuri” to‘foni mamlakatda 52,27 million yuan (7,3 million dollar) miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelgani taxmin qilinmoqda.
To‘fon Tayvanda ham bir qator talafotlarni keltirib chiqargan. Orolda tabiiy ofat oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan, 68 kishi jarohat olgan. Shiddatli yomg‘ir va kuchli shamol sabab 278 mingdan ortiq uy zarar ko‘rgan.
Fuqarolik aeronavtika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, kecha Tayvanda 200 dan ortiq ichki va xalqaro aviareyslar kechiktirilgan yoki bekor qilingan.
Filippinda esa to‘fondan eng ko‘p zararni Luson oroli ko‘rgan. Mamlakat poytaxti Manilaning janubi-sharqidagi Talim oroli sohillarida qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida 26 kishi halok bo‘lgan. Filippinning qolgan qismlarida yana 13 kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan. Bo‘ronlar beshta hududda suv toshqinlarini keltirib chiqarib, o‘ndan ortiq ko‘chkilar qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Filippinda o‘tgan yilning oktyabr oyida ham kuchli to‘fon kuzatilgan edi. O‘shanda 150 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
LiveBarchasi