Xitoyda aholi vaznini nazorat qilish bo‘yicha davlat dasturi joriy qilindi

Olam

image

Xitoy aholi vazni ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha uch yillik kampaniyani e’lon qildi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.

Hujjat mamlakatning 16 ta idora va tashkilotlari, jumladan, Sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi va Fuqarolik boshqaruvi vazirliklari tomonidan tayyorlangan. Unda qayd etilishicha, Xitoy uch yil ichida odamlarning ayrim guruhlaridagi "g‘ayritabiiy vazn" bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashi kerak.

“Hujjat ish beruvchilarni infratuzilma va xodimlarning jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi uchun boshqa qulayliklar bilan ta’minlashni rag‘batlantirishga chaqirdi. Tuz, shakar va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan oziq-ovqatlar sotilishiga yo‘l qo‘ymasdan, kampuslarda sog‘lom oziq-ovqat bilan ta’minlangan oshxona va restoranlarni faol qurish zarur. Shuningdek, o‘quvchilarning jismoniy holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini, jumladan, maktabda ham, darsdan keyin ham har kuni kamida bir soat jismoniy faollikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etiladi", deb yozadi agentlik.

Bundan tashqari, an’anaviy xitoy tibbiyoti kampaniyada katta rol o‘ynaydi. Davlat dasturi mualliflarining fikricha, vazn darajasi inson salomatligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, normadan tashqari vazn, ayniqsa, ortiqcha vazn va semirish yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet va saratonning ayrim turlari kabi surunkali kasalliklar rivojlanishining asosiy omillaridan biridir.

Davlat sog‘liqni saqlash qo‘mitasi bayonotida ta’kidlanishicha, vaznni nazorat qilishning asosiy maqsadlaridan biri bu kasalliklarning oldini olish va ularni manbasida nazorat qilish hamda kasalliklarni oddiy davolashdan ko‘ra, inson salomatligini saqlashga e’tibor qaratishdir.

Ta’kidlanishicha, vazni past bo‘lgan va to‘yib ovqatlanmaydigan odamlar ham vazn nazorati kampaniyasiga kiritiladi.

Ma’lumot uchun, avvalroq semirishning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy konferensiyada akademiklar 6 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan xitoylik bolalar va o‘smirlarning deyarli 20 foizi ortiqcha vazn yoki semirib ketganligi haqidagi ma’lumotlarni keltirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing