Xitoyda 140 yil ichidagi eng kuchli yomg‘ir katta talofatlarga sabab bo‘lyapti
Olam
−
08 Sentabr 2023
2875Gonkong va Xitoy janubida rekord darajadagi yomg‘ir tufayli suv toshqinlari kuzatilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Mintaqadagi kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Xitoyning janubiy shaharlari kuchli suv toshqini bilan kurashmoqda.
Bugun, 8 sentyabr kuni Gonkongda ko‘chalar va metro bekatlari suv ostida qolgan. Shu sababli rasmiylar o‘sha hududdagi maktab va ish joylarini vaqtinchalik yopishga majbur bo‘lishdi.
Meteorologiya byurosining aytishicha, joriy yilning 7 sentyabr kuni boshlangan yomg‘ir so‘nggi 140 yil ichidagi eng kuchlisidir.
Mamlakat Favqulodda xizmatlar vazirligi 100 dan ortiq fuqaro shifoxonaga yotqizilgani va bir qancha qutqaruv ishlari olib borilayotganini aytgan.
Payshanba oqshomida olingan suratlarda shiddatli yomg‘ir tufayli ko‘chalarda toshqin kuzatilgani, savdo markazlari va jamoat transportini suv bosganini ko‘rish mumkin.
Ayanchlisi, Gonkongni mamlakat shimolidagi Koulun yarim oroli bilan bog‘laydigan asosiy yo‘l hisoblanuvchi bandargoh tunneli suv ostida qolgan. Yomg‘ir Gonkongning tog‘li hududlarida ham ko‘chkilarni keltirib chiqargan. Ba’zi avtomagistrallarni to‘sib qo‘ygan.
Rasmiylar yomg‘ir shanba kuniga qadar davom etishini aytib, yog‘ingarchilik soatiga 70 mm dan oshishi haqidagi ogohlantirish bilan chiqqan. Aytish joizki, bunday yomg‘ir yog‘ishi1884 yildan beri kuzatilmagan.
Ma’lumot uchun, Xitoy janubidagi aholi zich joylashgan qirg‘oqbo‘yi hududlarida o‘n millionlab odamlar yashaydi.
Eslatib o‘tamiz, 1 avgust holatiga ko‘ra Xitoyda kuchli yomg‘ir tufayli 44 673 kishi jabr ko‘rgan, 11 kishi halok bo‘lgan va 27 kishi bedarak yo‘qolgandi.
LiveBarchasi