Xitoyda harbiy rahbariyatning 9 vakili poraxo‘rlikda ayblanmoqda
Olam
−
17 Oktabr 2025 2869 2 daqiqa
Xitoy hukumati Markaziy harbiy kengash raisining o‘rinbosari Xe Veydun hamda harbiy rahbariyatning yana sakkiz nafar vakilini Kommunistik partiya safidan chiqarib, harbiy unvonlaridan mahrum qildi. Bu haqda Xitoy Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Chjan Syaogan WeChat’dagi rasmiy sahifada ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chora-tadbirlar Xitoy qurolli kuchlarida korrupsiya va mansabni suiiste’mol qilishga qat’iy chek qo‘yish maqsadida amalga oshirilgan.
“Xalq ozodlik armiyasi endilikda yanada pok, birlashgan va jangovar salohiyatini oshirgan kuchga aylandi. Korrupsiyaga botgan shaxslar bu tizimda joy topa olmaydi”, deydi Chjan Syaogan.
Korrupsiya uchun jazolanganlar orasida quyidagilar bor:
- Myao Xua – Markaziy harbiy kengash a’zosi, siyosiy ishlar boshqarmasining sobiq rahbari;
- Xe Xunszyun – siyosiy ishlar boshqarmasi sobiq birinchi o‘rinbosari;
- Van Syubin – birlashgan operativ qo‘mondonlik markazining sobiq birinchi o‘rinbosari;
- Lin Syan’yan – Xalq ozodlik armiyasining Sharqiy harbiy okrugi sobiq qo‘mondoni;
- Sin Shutun – quruqlik qo‘shinlarining sobiq siyosiy komissari;
- Yuan Xuachji – dengiz kuchlari sobiq siyosiy komissari;
- Van Xoubin – raketa qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni;
- Van Chunnin – Xitoy xalq qurolli politsiyasining sobiq qo‘mondoni.
Ularning barchasi partiya intizomini jiddiy ravishda buzganlikda va katta miqdorda pora olish hamda boshqa og‘ir jinoyatlarda ayblanmoqda.
“Ularning xatti-harakatlari o‘ta og‘ir tusda bo‘lib, davlat va harbiy tizim uchun chuqur salbiy oqibatlarga olib keldi. Shu sababli, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi ularni partiya safidan chiqarish va ishlarini harbiy prokuraturaga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Van Bo ismli mansabdor poraxo‘rlikda ayblanib, o‘limga hukm qilingandi. Hukm Xubey provinsiyasi sudi tomonidan chiqarilgan. Van Bo Ichki Mo‘g‘uliston muxtor viloyati Xalq Kongressi Doimiy qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari bo‘lgan. U umrbod siyosiy huquqlaridan mahrum etilgan va barcha shaxsiy mol-mulki musodara qilingan.
Live
Barchasi