Xitoy yetakchisi ham Mirziyoyevni Navro‘z bilan tabrikladi
Jamiyat
−
21 mart
1048Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z ayyomi bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Muhtaram Prezident janoblari! Xitoy taqvimi bo‘yicha Yangi yil bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigingiz uchun Sizga samimiy minnatdorligimni izhor etaman. O‘zbek xalqining an’anaviy Navro‘z bayrami munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan sizga, O‘zbekiston hukumati va xalqiga samimiy tabriklarimizni yetkazmoqchiman”, deyiladi tabrikda.
Shuningdek, ming yillik tarixga ega Navro‘z bahor kelishi va tabiat uyg‘onishini ifodalab, o‘zbek xalqining baxtli hayotga, el-yurt birligiga va ravnaqiga intilishini aks ettirishi ta’kidlangan.
“O‘tgan yil iyul oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi samimiy va do‘stona uchrashuvimizda Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari va turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdik, ikki tomonlama aloqalarning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldik”, deyiladi maktubda.
Si Szinpin erishilgan kelishuvlar samarali amalga oshirilayotgani, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil mustahkamlanib, e’tiborga loyiq natijalar berayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.
“Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beraman va yaqin do‘stligimizni yuksak qadrlayman. Siz bilan birgalikda barcha sohalardagi hamkorlikni ilgari surish, Xitoy va O‘zbekistonning yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish ishlarini boyitish uchun harakat qilishga tayyorman. Fursatdan foydalanib, sizga, Janobi Oliylari, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, do‘st O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tilayman”, deyiladi tabrikda.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z bayrami bilan tabriklagan edi.
LiveBarchasi