Xitoy Yaponiyaning “Oq kitob”i keskinlik keltirib chiqarayotganini aytdi
Olam
−
28 iyul 2023 5357 2 daqiqa
Xitoy Yaponiya Mudofaa vazirligining "Oq kitob" deb nomlangan yillik hisobotini XXRning ichki ishlariga aralashib, mintaqada keskinlikni keltirib chiqaradi, deb hisoblamoqda. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning matbuot brifingida aytib o‘tdi.
“Yaponiyaning yangi mudofaa hujjati Xitoyning ichki ishlariga qo‘pol ravishda aralashib, uning milliy mudofaasini normal rivojlanishini ataylab buzib ko‘rsatadi. Shuningdek, u Xitoyning dengiz va havo harakatlarini, “Xitoy tahdidi” deb atalgan narsani ataylab bo‘rttirib, mintaqada taranglikni keltirib chiqaradi. Xitoy bunga o‘zining keskin noroziligini bildiradi va allaqachon bu boradi jiddiy taqdimnoma yuborgan”, degan Xitoy TIV vakili
Shuningdek, Mao Ning Xitoy tinch rivojlanish yo‘li va faqat mudofaaviy harbiy strategiyaga amal qilishda davom etishini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Tayvan muammosi Xitoyning faqat ichki ishi bo‘lib, u tashqi kuchlarning aralashuviga toqat qilmaydi.
Qayd etish joizki, Yaponiya va Xitoy o‘rtasida Sharqiy Xitoy dengizidagi Senkaku (Dyaoyuydao) orollari bo‘yicha hududiy kelishmovchilik davom etmoqda. Bu ayniqsa, 2012 yilning sentyabr oyida ularning Tokio ma’muriyati tomonidan xususiy mulkdorlardan sotib olinganidan keyin avj olgan. Bundan tashqari, mintaqadagi bir qancha davlatlarning Spratli arxipelagiga va qo‘shni Parasel orollariga da’volari tufayli Janubiy Xitoy dengizida keskinlik saqlanib qolmoqda. Bu bahsda Xitoy, Vetnam, Bruney, Malayziya va Filippin ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun, "Oq kitob" Yaponiya Mudofaa vazirligining mamlakat mudofaasi nuqtai nazaridan dunyodagi vaziyat, shuningdek, o‘z-o‘zini mudofaa kuchlarining yil davomidagi faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisoboti sanaladi. Yaponiyaning Mudofaa “Oq kitobi” birinchi marta 1970 yilda nashr etilgan va 1976 yildan beri har yili chop etiladi. Bu strategik hujjat emas. Bugun, 28 iyul kuni u hukumatga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi. Unda Yaponiya Mudofaa vazirligi Xitoyning tashqi siyosatdagi pozitsiyasi va harbiy faoliyatini Yaponiya va butun xalqaro hamjamiyat uchun “misli ko‘rilmagan va eng katta strategik muammo” deb atadi.