Xitoy yana 8 ta shaharni virus sabab yopib qo‘ydi
Olam
−
24 yanvar 2020
6076Koronavirusning yangi 2019-nCoV turi tobora avj olib boryapti. Dastlab Xubey provinsiyasidagi Uxan va Xuangan shaharlarini yopib qo‘ygan Xitoy hukumati yana sakkizta shaharni berkitdi. Chibi, Echjou, Syantao, Chjitszyan, Syanszyan, Xuanshi, Enshi va Syannin yangi turdagi koronavirus sababli vaqtinchalik yopildi.
Yuqori nomi keltirilgan 8 ta shaharda jamoat transportlari vaqtinchalik to‘xtatildi.
Koronavirus paydo bo‘lgan Uxan shahrida eng qat’iy karantin rejimi amal qilib, bu yerda 23 yanvar soat 10:00 dan avtobus, parom, metro qatnovi to‘xtatilgan, shaharga yo‘lovchi avtobuslari va suv transporti kiritilmayapti, shaharning aeroportidan parvozlar va temir yo‘l stansiyalaridan qatnov to‘xtatilgan. Shaharga alohida zaruratsiz bormaslik va u yerni tark etmaslik tavsiya qilingan.
Temir yo‘l harakati 23 yanvar ertalabdan Echjou shahrida ham to‘xtatilgan. Shuningdek, Syantaoda soat 17:00 dan barcha avtobuslar va suv transporti harakati taqiqlandi. Shu vaqtdan boshlab Chjitszyanda ham transport qatnovi to‘xtatilgan, shaharda faqat supermarketlar, shifoxonalar, bozorlar, AYOQSHlar, dorixonalar ishlamoqda, qolgan turdagi tijoriy faoliyat to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyda yangi virus bilan kasallanganlar 830 nafarga yetdi, 25 kishi shu virus ortidan halok bo‘ldi.
LiveBarchasi