Xitoy va Yaponiya TIV rahbarlari 3 yil ichida birinchi marta uchrashdi

Olam

image

Kecha, 2 aprel kuni Yaponiya va Xitoy Tashqi ishlar vazirlari ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik fonida uch yildan ortiq vaqtdan beri ilk muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi hamkasbi Sin Gan bilan uchrashuvda yapon fuqarosining Pekinda hibsga olinishi va Tokioning Tayvan yaqinida hamda Yaponiya atrofida Xitoy harbiy faolligi kuchayib borayotganidan kuchli xavotirini bildirgan.

Yaponiyaning Astellas Pharma farmatsevtika kompaniyasi xodimi bir hafta avval Pekinda josuslikda ayblanib, hibsga olingan edi.

“Associated Press” nashrining yozishicha, hech bir tomon unga qo‘yilgan ayblar haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Yaponiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Xitoyda besh nafar yapon fuqarosi hibsga olingan, ulardan ikki nafari allaqachon sudlangan va aybdor deb topilgan.

Sin Gan bunga javoban Xitoy ishni qonunga muvofiq olib borishini aytgan.

Shuningdek, Xayasi Xitoyning harbiy faolligi, jumladan, Rossiya bilan hamkorligi va Sharqiy Xitoy dengizidagi harbiylari mavjudligidan jiddiy xavotir bildirgan.

“Biz ikkalamiz ham milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha muloqotni davom ettirish muhimligini yana bir bor tasdiqladik”, deydi Yaponiya vaziri.

O‘z navbatida, Sin Gan Yaponiyani Tayvan bilan bog‘liq masalalarga aralashmaslikka chaqirgan va Tokio hech qanday tarzda Xitoy suverenitetiga putur yetkazmasligi kerakligini aytgan.

Yosimasa Xayasining ta’kidlashicha, kelishmovchiliklarga qaramay, ikki davlat Janubiy Koreya bilan uch tomonlama muzokaralarni davom ettirishga kelishib olgani muhim yutuqdir.


Maqola muallifi

Teglar

TIV Xitoy Yaponiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing