Xitoy o‘z aholisiga xarid va sayohatlar uchun pul tarqatadi

Olam

image

Pekin rasmiylari aholiga xarid qilish, restoranga borish, sport va o‘qish bilan shug‘ullanish yoki sayohatga chiqish uchun umumiy qiymati 12,2 milliard yuanga (1,7 milliard dollar) teng vaucherlar tarqatadi. Bu chakana savdoning qulashi natijasida iste’molni rag‘batlantirish uchun qilinmoqda, deb yozadi “Bloomberg”.

Yilning dastlabki to‘rt oyida shaharda sotuvlar 20,4 foizga, butun mamlakat bo‘yicha esa 16,2 foizga pasayib ketdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq Xitoyning 50 ga yaqin shahri, jumladan, Uxan, Xanchjou, Nankin va Shenchjen aholisiga 6 mlrd yuan miqdorida vaucherlar tarqatilgan edi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, navbatdagi vaucherlar 6 iyun kuni tarqatila boshlaydi. Ularni internet yoki odatiy do‘konlarda xarid qilish uchun ishlatish mumkin.

Vaucherlar to‘rt bosqichda tarqatiladi: 6, 13, 20 va 27 iyun kunlari. Har bir kupon 14 kun davomida amal qiladi.

Bugun, 6 iyun kuni Xitoy poytaxti markazidagi Vanfutszin sayyohlik ko‘chasida "iste’mol mavsumi"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. U joriy yilning oktyabr oyigacha davom etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning doirasida ham oflayn, ham internetda 400 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan.

Pekin savdo departamenti rahbari Yan Ligan oldin matbuot anjumanida aytganidek, "koronavirus epidemiyasi shaharning iste’mol sektoriga jiddiy zarba berdi". "Yaqinlashib kelayotgan iste’molni targ‘ib qilish tadbirlari ("Iste’mol mavsumi") nafaqat savdoni faollashtirishga yordam beradi, balki iste’molchilar ishonchini oshiradi", dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy

Baholaganlar

38

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing