Xitoy Tayvanga qarshi sanksiyalar joriy qildi

Olam

image

Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi bugun, 3 avgustdan Tayvanga tabiiy qum yetkazib berish to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu haqda idora saytida e’lon qilingan bayonotda aytilgan.

Unda aniqlik kiritilishicha, bu qaror “mavjud huquqiy me’yoriy hujjatlarga muvofiq” qabul qilingan. Bundan tashqari, materik Xitoy hukumati Tayvandan sitrus mevalari va ikki turdagi baliq mahsulotlari importini to‘xtatdi, shuningdek, Tayvanning ikkita jamg‘armasiga “XXRni qoralagani va separatizmni qo‘llab-quvvatlagani uchun” sanksiyalar kiritdi.

“Tegishli qoidalarga ko‘ra, Tayvanga tabiiy qum eksportini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tegishli chora 3 avgustdan kuchga kiradi”, deyiladi xabarda.

Tabiiy qum qurilish va shisha ishlab chiqarishda ishlatiladi. Tayvan juda ko‘p tabiiy resurslarga ega emas. Tayvanda qum oz miqdorda mavjud bo‘lib, asosan materik Xitoydan import qilinadi.

Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi fonida yomonlashdi. 

Eslatib o‘tamiz, Nensi Pelosi kecha, 2 avgust kuni kechqurun Taypeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi, bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommyunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzadi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH ma’muriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy-Tayvan'

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing