Xitoy sun’iy intellekti G‘arb texnogigantlarining aksiyalarini “qulatdi”
Texnologiya
−
28 yanvar
7576Xitoyda ishlab chiqilgan DeepSeek sun’iy intellekt tizimi ChatGPT’dan samaraliroq va arzonroq ekanini ko‘rsatganidan so‘ng, G‘arb texnogigantlari aksiyalari keskin pasayishni boshladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha, 27 yanvar savdo kuni davomida chip ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasi aksiyalari deyarli 17 foizga pasaygan. Bu pasayish kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasini 600 milliard dollardan ko‘proq kamayishiga olib kelgan. Nvidia kompaniyasining raqobatchilari, jumladan Marvell, Broadcom, Micron va TSMC ham sezilarli darajada zarar ko‘rgan.
Shuningdek, Meta, Alphabet va Google kompaniyalarining aksiyalari ham sezilarli darajada pasaygan. Ushbu pasayish Oracle, Vertiv, Constellation, NuScale va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari bilan bog‘liq boshqa kompaniyalarga ham ta’sir qilgan.
“New York Post” nashrining yozishicha, AQSH va Yevropaning texnogigantlari bir kun ichida umumiy hisobda 1 trillion dollarga arzonlashgan.
Bundan tashqari, ushbu haftada bir qator texnologik kompaniyalar o‘z moliyaviy hisobotlarini e’lon qiladi. Ularning DeepSeek muvaffaqiyatiga munosabati yaqin kunlar va haftalarda bozorda sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
“Muvaffaqiyatli DeepSeek investorlarda Xitoyning sun’iy intellekt bilan bog‘liq kam baholangan kompaniyalariga bo‘lgan qiziqishni qayta tiklashi va o‘sishning alternativ tarixini taklif qilishi mumkin”, deyiladi xabarda.
DeepSeek kompaniyasi Xitoylik milliarder, High-Flyer investitsiya fondi rahbari Lyan Venfen tomonidan tashkil etilgan.
DeepSeek R1 sun’iy intellekt ilovasi AQSH, Buyuk Britaniya va Xitoyda Apple App Store’dagi eng ko‘p yuklab olingan bepul ilovaga aylandi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yangi chat-bot arzonroq chiplar va kichikroq ma’lumotlar bazasi asosida ishlaydi. Sun’iy intellekt yordamchisi ochiq kodli DeepSeek-V3 modeli asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, u 6 million dollardan kam mablag‘ evaziga ishlab chiqilgan. Bu raqobatchilar tomonidan shunga o‘xshash ishlanmalar uchun sarflangan milliardlab dollarlarga nisbatan sezilarli darajada arzon.
LiveBarchasi