Xitoy Rossiyaga dron yetkazib berish hajmini oshirdi – “Bloomberg”
Olam
−
30 may 2025 2801 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xitoy Kiyev va boshqa Yevropa davlatlariga uchuvchisiz uchoqlar sotishni to‘xtatganini, ammo Rossiyaga yetkazib berishda davom etganini aytdi. Bu haqda kecha, 29 may kuni “Bloomberg” xabar berdi.
“Xitoyning Mavic (mashhur fuqarolik droni, odatda aerofotosuratga olishda foydalaniladi, u portlovchi moddalarni tashishga moslashtiriladi) droni ruslar uchun ochiq, lekin ukrainaliklar uchun yopiq. Rossiya hududida Xitoy vakillari joylashgan ishlab chiqarish liniyalari mavjud”, degan Zelenskiy ikki kun avval bir guruh jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Nomi oshkor etilmagan yevropalik rasmiyga ko‘ra, Ukraina Prezidentining so‘zlari Yevropa Ittifoqining o‘z baholariga mos keladi. Agentlik manbasining ta’kidlashicha, Xitoy, ehtimol, G‘arb xaridorlariga dron komponentlarini (masalan, dron dvigatellarida ishlatiladigan magnitlar) yetkazib berishni qisqartirgan, shu bilan birga Rossiyaga yetkazib berishni ko‘paytirgan.
O‘z navbatida, Pekin urushayotgan tomonlardan biriga qurol yetkazib berishni muntazam ravishda rad etadi va harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan ikki tomonlama mahsulotlar eksportini nazorat qilishini da’vo qiladi.
“Xitoyning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi izchil va aniq bo‘ldi: biz urushni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini ilgari surish tarafdorimiz”, deyiladi Xitoy Tashqi ishlar vazirligining bayonotida.
2024 yil yozida XXR hukumati harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan barcha fuqarolik dronlarini eksport qilish taqiqlanganini e’lon qildi va dekabrda “Bloomberg” agentligi mamlakatning AQSH va Yevropaga asosiy dron komponentlarini sotishga cheklovlar qo‘ygani haqida xabar berdi.
Shu bilan birga, agentlikning qayd etishicha, Rossiya va Xitoy kompaniyalari birgalikda Rossiya Ukrainaga qarshi urushda faol foydalanayotgan Eronning Shahed droniga o‘xshash xususiyatlarga ega zarba beruvchi dronni ishlab chiqishni boshlagan.
“Reuters” agentligi aprel oyida AQSH razvedkasi ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan ikki amerikalik amaldor va G‘arb razvedka agentliklaridan birining sobiq xodimiga tayanib xabar berishicha, 100 dan 200 nafargacha xitoylik yollanma askar Ukrainaga qarshi jang qilmoqda.
“Biroq bu yollanma askarlarning Xitoy hukumati bilan bevosita aloqasi yo‘q va aftidan, minimal jangovar tayyorgarlikka ega va shuning uchun Rossiya harbiy amaliyotlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi”, deya aniqlik kiritdi agentlik.
Shu bilan birga, “Reuters” agentligiga ko‘ra, Rossiya fronti ortida turgan xitoylik zobitlar Pekin roziligi bilan janglardan taktik saboq olmoqda.
Live
Barchasi