Xitoy Rossiya bilan chegarada tikanli to‘siqlar o‘rnatmoqda
Olam
−
27 Sentabr 2022
22976Xitoyning Rossiya bilan chegaradosh Xeyxe shahrida (Xeylunszyan provinsiyasi) ikki davlatni bog‘lab turuvchi Amur daryosi ustidagi ko‘prik yaqinida qirg‘oq bo‘ylab tikanli sim o‘rnatildi. Rossiya bilan chegarani buzishga bo‘lgan urinishlarning oldini olish uchun shunday chora ko‘rilgan.
Ko‘prik yaqinidagi vaziyat Xeyxe televideniyesi tomonidan shahar Xalq hukumati suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Yan Chjanxun bilan suhbat chog‘ida namoyish etildi.
“Biang” nashrining kuzatishlariga ko‘ra, Amur daryosi ustidagi ko‘prik yaqinidagi chegara infratuzilmasi inshoot 11 iyunda foydalanishga topshirilganidan so‘ng birinchi marta mahalliy televideniyeda namoyish etilmoqda. Ko‘prik foydalanishga topshirilgunga qadar Amur qirg‘oqlari bo‘ylab tikanli to‘siq o‘rnatilmagan, faqat to‘g‘on bo‘lgan.
Suhbat chog‘ida Yan Chjanxun suv resurslari boshqarmasi Chanfatsun qishlog‘i hududida (Amur bo‘ylab avtomobil ko‘prigi yonida – tahr.) suv toshqinidan himoya qiluvchi inshootlarni o‘rnatishni yakunlaganini tushuntirgan. Shuningdek, u ob’ektlar qurilishi to‘liq investitsiyalar hisobidan bo‘lganini ta’kidlagan.
Kadrlarda, shuningdek, Xitoy tomonidan Amur daryosi ustidagi ko‘prik yaqinidagi mustahkamlovchi to‘g‘onga suv toshqinlari sodir bo‘lganda daryodagi suv sathini nazorat qilish imkonini beruvchi suv qalqonlari tizimi o‘rnatilganini ko‘rish mumkin.
Bu to‘siqlarning Rossiyada safarbarlik e’lon qilinishi ortidan ruslar mamlakatni ommaviy ravishda tark etayotganiga aloqasi bor-yo‘qligi noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Rossiyada safarbarlik boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
Hukumat portalida 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar birinchi navbatda safarbar qilinishi aytilgan. Safarbarlik ortidan rossiyaliklar ommaviy ravishda vatanini tashlab, xorijiy davlatlarga chiqib ketishni boshladi.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik doirasida 300 ming kishini armiyaga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi