Putin Trampning ortidan Xitoyga yugurdi

Tahlil

Trampning ortidan Putin Si Szinpinning yoniga uchib bordi. Rasmiy tashrifda tomonlar o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Bundan tashqari uchrashuvda Yaqin Sharqdagi urush qoralandi va “o‘rmon qonunlari”ga qaytish xatarli ekanligi ta’kidlandi.

Joriy yilning 14-15 may kunlari AQSH prezidenti rasmiy tashrif bilan Xitoyga borgandi. Oradan bir necha kun o‘tib, Rossiya delegatsiyasi ham Xitoyga tashrif buyurdi. Buni ko‘pchilik Tramp ortidan Putin Pekinga yugurib bordi deya talqin qildi. Aslida esa, unday emas. AQSHning Xitoyga rasmiy tashrifi mart oyiga rejalashtirilgandi. Ammo Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli bu uchrashuv bir necha bor ortga surilib va nihoyat may oyiga to‘g‘ri keldi.

Rossiyaning ham Xitoy bilan 2001 yilda imzolangan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stona aloqalarga bag‘ishlangan chorak asrlik mustahkam aloqalar munosabati bilan joriy yilning may oyida Pekinga tashrif buyurishi oldindan rejalashtirilgandi. Shunday qilib, Xitoy uchun may oyi katta mezbonlik sahnasiga aylandi. AQSH va Xitoy uchrashuvidagi eng nozik va muhim voqealar haqida ham ko‘rsatuv tayyorlaganmiz, u bilan You-tube sahifamizda efirga uzatilgan dasturlarimiz orqali tanishingiz mumkin.

AQSH ORTIDAN ROSSIYA DELEGASIYASI HAM XITOYDA

Rosssiya Prezidenti Vladimir Putin 2026 yildagi ilk xorijiy safarini Xitoyga tashrif buyurish bilan boshladi. Mazkur rasmiy tashrif Rossiya-Xitoy o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning 25 yilligi munosabatiga bag‘ishlangan.

Uchrashuv 19-20 may kunlari bo‘lib o‘tdi. Putin Xitoyga tashrifi arafasida Xitoy xalqiga videomurojaat qildi. Unda prezident mamlakat xalqiga samimiy salom yo‘llab, ikki davlatning do‘stona aloqalarini yanada mustahkamlash niyatini bildirdi. Shuningdek, u bu uchrashuv kimlargadir qarshi birlashish emasligini, balki tinchlik va farovonlik yo‘lidagi harakat ekanligi aytdi.


“Qadrli xitoylik do‘stlar, sizlarga salom yo‘llayman. Qadrdon do‘stim Si Szinpinning taklifiga binoan yana Pekinga tashrif buyurayotganimdan mamnunman. Si Szinpinning Rossiya bilan uzoq muddatli hamkorlikka bo‘lgan intilishini samimiy qadrlayman. Bizning do‘stona munosabatlarimiz kelajak uchun rejalarni belgilash va ularni amalga oshirishga yordam beradi. Rossiya va Xitoyning yaqin strategik hamkorligi jahon maydonida barqarorlashtiruvchi muhim rol o‘ynaydi. Biz kimgadir qarshi do‘stlashmayapmiz, balki tinchlik va umumiy farovonlik yo‘lida ishlayapmiz”, deydi prezident.


Shundan so‘ng, 19 may kuni Rossiya Prezidenti Xitoyga yirik delegatsiya bilan tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida 5 nafar Bosh vazir o‘rinbosari, 8 ta vazir, prezident administratsiyasi vakillari, bir qator viloyat rahbarlari, davlat korporatsiyalari rahbarlari, yirik banklar boshqaruv raislari hamda biznes vakillari o‘rin olgan.

Shuningdek, delegatsiya tarkibida Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev ham o‘rin olgan. Mehmonlarni aeroportda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I kutib oldi. Shundan so‘ng, Putinning Pekindagi dasturi Tyananmen maydonidagi rasmiy marosimidan boshlandi.

YOPIQ ESHIKLAR ORTIDAGI MUZOKARALAR

20 may kuni, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va XXR raisi o‘rtasidagi muzokaralar Pekindagi Xalq majlislari uyida boshlandi. Muzokaralar avval tor doirasida bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi eng muhim hamda sezgir masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda Putin Si Szinpinni yana bir bor qadrli do‘stim deb atadi. Shuningdek, u kuzda Shenchjenda bo‘lib o‘tadigan “Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti” sammitida ishtirok etishga tayyorligini ham qo‘shimcha qildi. Putin do‘stini kelasi yil ya’ni 2027 yilda Rossiyaga borishi uchun taklif qildi.

Xitoyda shunday deyishadi: bir kun ko‘rishmasang, go‘yo uch kuz o‘tgandek bo‘ladi. Bugun munosabatlarimiz misli ko‘rilmagan darajada yuqori bosqichga chiqdi va haqiqiy keng qamrovli sheriklik hamda strategik hamkorlik namunasiga aylandi”, deydi Putin.

Si Szinpin Rossiya va Xitoy dunyoning muhim davlatlari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi a’zolari sifatida yanada adolatli global boshqaruv tizimini shakllantirishi lozimligini bildirdi. Shuningdek, u 25 yil avval imzolangan qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik shartnomasi ikki davlat munosabatlarida katta rivojlanishga yo‘l ochganini qayd etib, Pekin kelishuv muddatini uzaytirishni qo‘llab-quvvatlashini qo‘shichma qildi.

“Xitoy–Rossiya munosabatlari siyosiy o‘zaro ishonch va strategik hamkorlikni mustahkamlash jarayonidagi qat’iy iroda tufayli bosqichma-bosqich hozirgi yuqori darajaga chiqdi”, degan Xitoy rahbari.
 

Shundan keyin, kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv boshlanadi, unda Rossiya tomonidan 39 kishi qatnashadi. Ikki davlat yetakchilari har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashi to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolandi.

Ikki mamlakat vakillari 20 ta qo‘shma hujjatni imzoladilar. Ushbu qo‘shma hujjatlar sanoat, savdo, transport, qurilish, atom energetikasi, shuningdek, ta’lim, kinematografiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish va axborot agentliklari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Muzokaralar chog‘ida Putin Rossiya-Xitoy munosabatlari mustahkamlik sinovidan o‘tganini ta’kidladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat xalqlarining farovonligi va gullab-yashnashi kabi mustahkam poydevorlar ularning munosabatlariga ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tish imkonini berdi.

“Bizning maqsadimiz – Rossiya va Xitoy xalqlarining farovonligi va gullab-yashnashidir. Bu mustahkam poydevorlar bizning munosabatlarimizga mustahkamlik va bardoshlilik sinovlaridan bir necha bor muvaffaqiyatli o‘tish imkonini berdi", dedi Putin.
 

Tomonlar 2001 yilda imzolangan, “Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi” asosiy shartnomadan so‘ng, o‘tgan chorak vaqt davomida Rossiya-Xitoy hamkorligi sezilarli darajada kengayganini alohida qayd etdi.

Shuningdek, Rossiya rahbari Vladimir Putin Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan bilan alohida savdo-iqtisodiy masalalarni ham muhokama qildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda global vaziyatlar ham tahlil qilindi. Jumladan, AQSH va Isroilning Yaqin Sharqdagi hujumlari barqarorlikka putur yetkazadigan xalqaro huquq normalarini buzish deb hisoblanilishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, mintaqaviy parchalanish va “o‘rmon qonuni”ga qaytish xatarli ekanligi alohida ta’kidlandi. Tomonlar AQSHning “Oltin gumbaz” loyihasi xalqaro jamiyat uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini qo‘shimcha qilindi.

“Yaqin Sharqda harbiy harakatlarning to‘liq to‘xtatilishi zarur va mojaroning qayta boshlanishi mumkin emas. Buning ortidan dunyo “o‘rmon qonunlari”ga qaytish xavfiga duch kelmoqda", deb ta’kidladi Si Szinpin.
 
 

“SIBIR KUCHI-2” BO‘YICHA KELISHUV

Uchrashuvda, tomonlar “Ko‘p qutbli dunyoning shakllanishi va yangi tipdagi xalqaro munosabatlar to‘g‘risida”gi deklaratsiyaga imzo chekdi. Ular, shuningdek, “Har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida”gi bayonotni ham qabul qildi.

Bundan tashqari, Rossiya va Xitoy “Sibir kuchi 2” loyihasining asosiy parametrlari bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Moskva va Pekin ko‘p qutbli dunyoni yaratish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Buni mezbon davlat yetakchisi e’lon qildi.

Xitoy Rossiya bilan vizasiz rejimni 2027 yilning 31 dekabrigacha uzaytiradi. Bu qaror Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilindi.

Putinning Pekinga tashrifi davomida Xitoyga Rossiya gazni yetkazib berishni ko‘paytirishi asosiy masalalardan biri bo‘ldi.

Shu o‘rinda aytish joizki, Eron va AQSH-Isroil urushi fonida Rossiya neft va gaziga nisbatan AQSH sanksiyalari qisman bekor qilingandi. Si Szinpin Erondagi urushni tugatish zarurligini aytib o‘tdi.

““AQSH-Eron-Isroil” urushi jahon energiya ta’minoti va xalqaro savdo barqarorligiga ham ta’sir ko‘rsatdi. To‘qnashuvlarning to‘xtatilishi nafaqat mintaqada tinchlik o‘rnatadi, balki dunyo bozoridagi energiya ta’minoti va xalqaro savdo-sotiqning xavfsiz davom etishiga zamin yaratadi”, dedi Xitoy prezidenti.
 

Uning so‘zlariga ko‘ra, urushni tugatish global energiya ta’minoti va xalqaro savdo barqarorligiga tahdidni kamaytirishga yordam beradi.

JONLI EFIRDAGI BAYONOT

Putin va Si Szinpin Pekindagi muzokaralaridan so‘ng, ommaviy axborot vositalarida joni chiqish qildi. Unda muzokaralarda erishilgan yutuqlar va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari haqida so‘z bordi. Si Szinpin Putin bilan muzokaralarni do‘stona va samarali deb atadi. U Rossiya va Xitoy BMTning obro‘sini qat’iy himoya qilishini va gegemonlikning har qanday ko‘rinishlariga qarshi chiqishini bildirdi.

Shuningdek, u Rossiya va Xitoy o‘zlarining asosiy manfaatlariga ta’sir qiluvchi masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlashda davom etishlari kerakligini aytdi.

“Rossiya va Xitoy o‘zlarining asosiy manfaatlariga ta’sir qiluvchi masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak. Rossiya va Xitoy bir-biri uchun strategik tayanch bo‘lishi kerak”, dedi Si Szinpin.
 

Rossiya Prezidenti ikki mamlakat global bozorlardagi salbiy tendensiyalardan himoyalangan barqaror o‘zaro savdo tizimini yaratganini, bu esa, xalqaro maydonda barqarorlashtiruvchi muhim rol o‘ynashini aytdi.  O‘zaro savdolar “rubl” va “yuan” amalga oshirilishini yana kengaytirishni bildirdi. Ikki kunlik rasmiy tashrif davomida ikkala davlat yetakchilari Rossiya-Xitoy munosabatlari tarixdagi eng yuqori darajaga yetganini aytib o‘tdi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Putin Si Tszin'pin Rossiya-Xitoy MUZOKARA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing