Rossiya va Xitoyning yaqinligi urushdan ko‘ra ko‘proq xavf tug‘diradi – Bolton

Olam

image

Rossiya-Xitoy ittifoqining shakllanishi G‘arb davlatlari uchun haqiqiy muammo tug‘diradi, bu Ukrainadagi mojarodan ham jiddiyroqdir. Bu haqda Britaniyaning “The Telegraph” gazetasiga bergan intervyusida AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq yordamchisi Jon Bolton so‘z ochdi. 

“Xitoy ham, Rossiya ham buni chegarasiz ittifoq demoqda va menimcha, ular buni jiddiy nazarda tutyapti. Ukrainada nima bo‘lishidan qat’i nazar, bu G‘arb uchun haqiqiy muammo. Menimcha, Rossiya-Xitoy o‘qi shakllanmoqda, unga Eron va Shimoliy Koreya qo‘shiladi. Xaritaga qarang, geografiyaga qarang. Biz buni jiddiy qabul qilishimiz kerak”, deydi u. 

Boltonning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb XXR ham yadroviy sohada, ham an’anaviy sohada tahdidga aylanib borayotgani sababli joriy to‘xtatuvchilik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqishni boshlashi kerak. Uning ishonchi komilki, Xitoy umuman G‘arbga ekzistensial xavf tug‘diradi va bu xavfsizlik masalalariga jiddiy yondashishni talab qiladi. 

Bolton, shuningdek, NATO Rossiya Federatsiyasiga qarshi kurashish uchun ko‘proq harakat qilishi kerakligini qo‘shimcha qildi. 

U Xitoy Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshidanoq Rossiya Federatsiyasini betaraf qolishga harakat qilmasdan qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. Amerika yetakchisi sobiq yordamchisining fikricha, Pekinda Rossiya Federatsiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol yetkazib bermasdan, Moskvaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Uning fikricha, XXR Belarus yoki KXDRga qurol sotishi mumkin, bu esa keyinchalik Rossiyada qolib ketadi. Shuningdek, u Rossiyaga qurol yaratish uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlarni yetkazib berish, shuningdek, unga Xitoydan moliyaviy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini tilga oldi. 

2005-2006 yillarda AQSHning tashkilotdagi doimiy vakili sifatida ishlagan Bolton BMTning Ukrainadagi mojaroni hal qilishdagi rolini baholar ekan, gumanitar tashabbuslardan tashqari BMT tomonidan mojaroga deyarli javob bo‘lmaganini aytdi.

“Birlashgan Millatlar Tashkilotining siyosiy qaror qabul qilish organlari mohiyatan ishlamaydi va bir muncha vaqtdan beri faoliyat ko‘rsatmaydi. Bu, ayniqsa, Xavfsizlik Kengashiga to‘g‘ri taalluqli”, deydi Bolton.

Unga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashida Sovuq urush davridagi kabi boshi berk ko‘chaga kirib, bu organ katta rol o‘ynamagan.  

“BMT, xuddi o‘zidan oldingi Millatlar Ligasi singari, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob beradi, degan tushuncha aniq tasdiqlanmagan”, deydi u.

Si Szinpinning Rossiyaga davlat tashrifi 20 mart kuni boshlandi. Putin bilan norasmiy uchrashuvda Xitoy rahbari rossiyalik hamkasbini 2023 yilda Xitoyga tashrif buyurishni taklif qildi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Rossiya Federatsiyasi va Xitoyning yangi davrga qadam qo‘yayotgan har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti e’lon qilindi. Bugun, 22 mart kuni Si Szinpinning Rossiyaga tashrifi yakunlab, u Pekinga jo‘nab ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Jon Bolton Rossiya-Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing