Xitoy kemalari Yaponiya suvlariga kirib bordi
Olam
−
17 noyabr 2025 5903 2 daqiqa
Xitoy qirg‘oqni himoya qilish xizmati kemalari 16 noyabr kuni Sharqiy Xitoy dengizida Senkaku orollari (ularning xitoycha nomi – Dyaoyuydao) yaqinidagi, Yaponiya nazoratida bo‘lgan suv hududiga kirib bordi. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.
Pekin tomonidan bildirilishicha, Yaponiya nazoratidagi, ammo Xitoy da’vo qiladigan ushbu odam yashamaydigan orollar atrofidagi hududiy suvlarda “patrullik qilish” amalga oshirilgan bo‘lib, uning maqsadi Xitoyning “huquq va manfaatlarini himoya qilish”dan iborat bo‘lgan.
Hodisa Yaponiya va Xitoy o‘rtasida taranglik kuchayib borayotgan bir paytda sodir bo‘lgan. Bunga Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaiti 2025 yil 7 noyabr kuni parlamentda so‘zlar ekan, Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumiga Yaponiyaning harbiy javobini istisno etmagani sabab bo‘lgan. Uning bu bayonoti Pekinda keskin reaksiya uyg‘otgan, Xitoy tomoni Yaponiyadan bu pozitsiyadan voz kechishni talab qilgan. Shundan so‘ng Xitoy hukumati o‘z fuqarolariga Yaponiyaga safarlardan voz kechishni tavsiya etdi.
So‘nggi kunlar ichida ma’lum bo‘lishicha, Takaiti Yaponiyaning yadroviy quroldan voz kechishga oid prinsiplarini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini o‘rganmoqda.
1967 yilda qabul qilingan uch “yadrosiz prinsip”ga muvofiq, Yaponiya yadroviy qurolga ega bo‘lish, uni ishlab chiqish va mamlakat hududiga kiritishdan voz kechgan. Hozir Tokio yadroviy qurolni mamlakatga kiritishga qo‘yilgan taqiqning maqsadga muvofiqligi borasida shubhalanmoqda, chunki bu taqiq Yaponiyaning ittifoqdoshi – AQSH tomonidan ta’minlanayotgan yadroviy tiyib turish siyosatining samaradorligini pasaytiradi, deb hisoblanmoqda. Hozirda Vashington o‘zining Yaponiyada joylashgan harbiy bazalarida va yapon portlariga kirayotgan kemalariga yadroviy qurollar joylashtira olmaydi.
16 noyabr kuni Tayvan mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Xitoyning 30 ta harbiy samolyoti va 7 ta harbiy kemasi orol atrofidagi havo hududi va hududiy suvlarga kirib chiqqan.
Live
Barchasi