Xitoy qo‘shnilarini suvsiz qoldirmoqchimi?
Tahlil
−
22 dekabr 9376 6 daqiqa
Xitoy – bu tarixan megaloyihalar vatani. Qadimdan iqtisodiy va demografik boy bo‘lgan ushbu davlat o‘z davri uchun mo‘’jizaviy hisoblangan ulkan loyihalarni amalga oshirib kelgan va ushbu qudratini mana necha ming yildirki o‘zida saqlab kelmoqda. Hali amerikalik yoki yevropaliklar bir bo‘lak tosh bilan hayvonlar ortidan quvib yurgan bir paytda Sharqda Buyuk Xitoy devori yoki Buyuk kanal kabi minglab kilometrlarga cho‘zilgan inshootlar barpo qilingan edi. Xitoyliklar katta rejalar uchun katta qubronliklar qilishga tayyor bo‘lgan noyob xalqdir. O‘z vaqtida bunday ulkan qurilishlar oqibatida millionlab oddiy xalq o‘lib ketgan va shu sabab ham Buyuk Xitoy devori tarixda – “Eng uzun qabriston” degan ramziy nom bilan qolgan.
Hozirgi kunga kelib ham demokratik imij bo‘yicha maqtana olmaydigan xitoyliklar Chendu kompaniyasining “sun’iy quyoshi”, Tiangong Kosmik Stansiyasi yoki FAST – 500 metr diafragmali sferik teleskop kabi fantastik loyihalar bilan dunyoni hayratga solishda davom etmoqda. Manashunday megaloyihalardan biri dunyoning eng qudratli Gidroelektrostansiyasi bo‘lishi kutilayotgan – Medog GESi.
Tog‘dagi to‘g‘on

Yarlung Sangpo – Tibet tog‘laridan boshlanuvchi va Himolay tog‘larining shimoliy tizmalari bo‘ylab g‘arbdan sharqqa qarab oqib o‘tuvchi daryo. Ushbu daryo xalq orasida “Osmon daryosi” nomi bilan ham mashhur bo‘lib, bunga sabab daryoning asosiy qismi tog‘lar oralab o‘tgan. Daryo uch mamlakatni suv bilan ta’minlaydi, Hindistondagi qismi – Brahmaputra, Bangladeshdagi qismi esa – Jamuna nomlari bilan ataladi.
Xitoy yangi inshootni daryoning Himolay tog‘larining sharqiy chekkasida joylashgan Namcha Barva cho‘qqisini aylanib o‘tib, janubga – Hindiston tomonga keskin buriladigan qismida qurishni reja qilgan. Bunga asosiy sabab – qisqa masofada daryo sathining keskin, 2000-2500 metrga pasayishi juda katta kinetik energiya hosil qilishi.

Loyiha tashkil etilayotgan hudud ma’muriy jihatdan Xitoyning Tibet avtonom viloyatiga qarashli Medog okrugida bo‘lgani uchun ma’lumotlarda yangi ob’ektni “Medog GESi” yoki “Motuo GESi” nomlari bilan atalmoqda. 2024 yil dekabr oyida rejalashtirilishi boshlangan ushbu megaloyiha dastlab sir saqlangan edi. Keyichalik 2025 yil 19 iyulda qurilishi rasman boshlangan bo‘lib, 40 mingdan ortiq mutaxassis ish olib bormoqda.
Xitoy bahaybat “maxluq” qurmoqda
Xitoy – katta bozor. Dunyo aholisining qariyb 17 foizi istiqomat qiluvchi ushbu davlatning elektrga bo‘lgan ehtiyoji ham shunga maqbul ravishda juda katta. Yillik quvvat iste’moli tahminan 10 trillion kilovatt/soat bo‘lgan mamlakatning ishlab chiqarayotgan elektr energiyasidan qariyb 55-60 foizini issiqlik elektrostansiyalari tashkil qiladi. Ko‘mir yoqish natijasida energiya ishlab chiqarish nafaqat tabiiy resurslarga ortiqcha yuk, balki ekologiyaga ham sezilarli ta’sir qiladi. Yer shari atmosferasiga chiqayotgan zaharli SO2 gazining deyarli 33-34 % miqdori faqatgina Xitoyning o‘ziga to‘g‘ri kelishi ham davlatning kelgusidagi energiya ta’minoti bo‘yicha metodlarini o‘zgartirishi kerakligiga signal bermoqda.

Mavjud muammolarni inobatga olgan holda Xitoy ma’muriyati mamlakatda qayta tiklanuvchi, yashil energiya stansiyalariga ko‘proq investitsiyalar kirita boshladi. Shu jumladan, 2000 yildan buyon 193 ta GES loyihasini boshlagan bo‘lib, ular orasidagi eng yirigi “Uch dara” GESi nafaqat Xitoyda, balki dunyodagi eng katta GES ham hisoblanadi. Ushbu Yanszi daryosi bo‘yida qurilgan GESning quvvati 22 500 Megavatt quvvatga ega hisoblanadi. Ammo endigi qurilishi boshlanayotga Medog GESi dunyoning eng qudratli GESidan tahminan 3 barobar quvvatliroq bo‘lishi tahmin qilinmoqda. Insoniyat tarixidagi eng qudratli GES bo‘lishi kutilayotgan Medog stansiyasining rejalashtirilgan yillik quvvati 300 milliard kilovatt-soatni tashkil etishi aytilmoqda.

Xitoyning Power Construction Corporation davlat qurilish korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu megaloyiha amaldagi rekordchidan deyarli to‘rt barobar ko‘proq investitsiya jalb qilgan bo‘lib, 167-170 milliard AQSH dollarga baholanmoqda. Dunyoning eng seysmik faol mintaqasidan oqib o‘tuvchi daryoda bunday katta suv inshootini qurish shubhasiz har qanday davlat g‘aznasiga qimmatga tushadi, ammo daryoning keskin burilgan joyida naq 5 ta ulkan stansiyani o‘z ichiga oluvchi GES bir vaqtning o‘zida daryo oqimidan ikki mart foydalanish imkonini berishi ko‘zga tutilgan. Bunday ulkan “maxluq”ni qurish orqali Xitoy iqlim o‘zgarishini sekinlashtirishi va boshqa turdagi ekologik muammolarni oldini olishi mumkin.
Katta loyiha – katta muammolar
Tabiat davlatlar chegaralaridan oldin yaralgan. Xitoyning energetika tizimi uchun muhim bo‘lgan daryo faqatgina Xitoyning mulki emas. Hindiston va Bangladesh ham ushbu daryoga birdek haqlidir. Transchegaraviy suv yo‘llari doimo bahsli va murakkab mavzu bo‘lib kelgan. Xitoyning yangi loyihasi ham aynan shunday muammoga duch kelmoqda.

Bir paytning o‘zida Hindiston va Bangladeshni suv bilan taminlab turuvchi daryo havzasida to‘g‘on qurish Xitoyning qo‘shnilari bilan aloqalarini yomonlashtirishi mumkin. Chunki bu orqali agar Xitoy suv resurslari ustidan nazorat o‘rnatsa, qo‘shnilar shubhasiz u bilan savdolashishiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, hisobotlarga ko‘ra, ulkan qurilish ishlari uchun Namcha Barva tog‘i orqali kamida to‘rtta 20 km uzunlikdagi tunnel qazish kerak bo‘ladi, bu esa Tibetning eng uzun daryosi bo‘lgan Yarlung Sangpo oqimini boshqa tomonga yo‘naltiradi. Garchi Bangladesh yoki Hindiston uchun ushbu suv yo‘li yagona manba bo‘lmasa-da, daryo yoqasidagi mahalliy xalqning kundalik hayotida uning o‘rni katta. Daryoga yaqin hududlarda yashovchi aholining turmush tarzi u bilan chambarchas bog‘liq. Bundan tashqari, logistika masalasi ham asosiy omillardan biri. Bangladeshliklar hayotida baliq va baliqchilik tirik qolishning yagona yo‘li. Agar Xitoy daryo yo‘lini to‘sib qo‘ysa ularning shusiz ham og‘ir hayotida yana muammolar paydo bo‘ladi.
Ekologlar Xitoyning yangi megaloyihasi daryo yaqinidiga biologik xilma-xillikga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi haqida ham ogohlantirmoqda. Tibet platosidagi flora va fauna dunyosi nihoyatda boy va noyob, ko‘pchilik faollar daryo yo‘lining o‘zgarishi ushbu biologik muhitni nobud qilishi mumkinligidan xavotirda.
Taniqli geolog va “Dibrugarh” universitetining nafaqadagi professori doktor Jogendranat Sharma seysmik faol mintaqada joylashgan ushbu loyiha Assamning quyi oqimi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi, jumladan, ekologik buzilish va zilzila sodir bo‘lgan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan falokatlardan ogohlantirdi. Xitoy esa barcha tanqidlarga beparvolik bilan loyihaning ekologik jihatdan puxta o‘rganilganini takrorlab kelmoqda.
Yangi GES nafaqat qo‘shnilar bilan balki Xitoyning ichida ham ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lyapti. Loyihaning asosiy qismi Tibet mintaqasida amalga oshirilayotgani tufayli mazkur hududdagi tub joy aholisini majburan boshqa shaharlarga ko‘chirilmoqda. Aniq ko‘chirilgan aholi soni va ularning qayerga ko‘chirilgani haqidagi ma’lumotlar ochiqlanmagan, ammo ijtimoiy tarmoqda o‘z tug‘ilib o‘sgan uyini tashlab ketishni xohlamayotgan aholining norozilik kayfiyatidagi videolari keng tarqalishga ulgurdi.
Umuman olib qaraganda, yangi megaloyiha o‘zi bilan birga yangi muamolarni olib keldi. Daraning tik va tor, qurilish uchun noqulay bo‘lgan hududida bunday katta inshootni qurish bir muammo bo‘lsa, qo‘shnilar va mahalliy aholi tomonidan bildirilayotgan e’tirozlar yana bir muammo. Xalqaro tanqidlarning soni esa behisob.
Biroq Xitoy ma’muriyati qarorlari haqida hisob berish bilan mashhur emas. U ushbu loyihani boshlagan ekan, har qanday tanqid-u-e’tirozlarga qaramay, o‘z maqsadini amalga oshiradi. Agar loyiha amalga oshsa, Hindiston bilan o‘rtadagi munosabatlarga ham darz ketishi hech gap emas, ammo Xitoy tashqi siyosati shu vaqtgacha jiddiy agressiv pozitsiya namoyon etmagan, shunday ekan GESning qurulishi to‘g‘risida qo‘shnilar bilan konsensusga kelinishiga umid bor.
Live
Barchasi