“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘l tunneli qurilishi boshlandi
Olam
−
29 aprel 9327 2 daqiqa
Bugun, 29 aprel kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘lining tunneli qurilishi boshlandi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurilish boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Baqit Toroboyev ishtirok etgan. U o‘z nutqida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘li nafaqat transport yo‘lagi, balki Sharq va G‘arbni bog‘lovchi strategik “ko‘prik” ekanini ta’kidlagan.
“Bu loyiha faqat infratuzilma emas. U savdo, investitsiyalar, sanoat va logistika rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, minglab ish o‘rinlarini ta’minlaydi va mamlakatlarimiz iqtisodiyotiga kuchli turtki beradi. Biz shunchaki yo‘l emas, balki kelajakni qurmoqdamiz”, dedi Toroboyev.
Qurilishi boshlangan tunnel uzunligi 12,5 kilometr bo‘lib, Jalolobod viloyatining Suzak tumani bilan Norin viloyatining Tog‘uz-Toro tumanini bog‘laydi. Loyiha doirasida Norin va Jalolobod viloyatlarida yana shunday uzunlikdagi ikki yirik tunnel qurilishi rejalashtirilgan.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ vakillaridan iborat mamlakat delegatsiyasi ishtirok etgan.
“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘l qurilishi doirasida 10 kilometrdan uzun bo‘lgan 3 ta tunnel, jumladan:
- 1-son Norin (Jaman-Davan) tunneli uzunligi – 12,5 km;
- Qo‘shto‘ba (Kazarman) tunneli uzunligi – 13,2 km;
- Farg‘ona tog‘ tunneli uzunligi – 12,2 km qurilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘lining qiymati 4,7 milliard AQSH dollariga baholanmoqda. Qurilish ishlariga 20 mingdan ortiq ishchi jalb qilinadi. Texnik va muhandislik jihatdan bu loyiha eng murakkablaridan biri sanaladi – 120 kilometrga teng bo‘lgan 46 ko‘prik va 27 tunnel barpo etilishi rejalashtirilgan. Umumiy yo‘l uzunligining 40 foizi aynan tunnel va ko‘priklarga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu temiryo‘l qurilishini boshlash marosimi 2024 yil 27 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirokida bo‘lib o‘tgan edi. Davlat rahbarlari bu loyihaning butun mintaqa uchun strategik ahamiyatga egaligini alohida qayd etgan.
Live
Barchasi