Xitoy dunyodagi eng uzun parvozni yo‘lga qo‘ydi

Olam

image

Xitoyning China Eastern Airlines aviakompaniyasi dunyodagi eng uzun to‘g‘ridan to‘g‘ri reys – Shanxay va Buenos-Ayresni bog‘laydigan yangi yo‘nalish uchun chiptalarni sotishni boshladi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 4 dekabr kuni birinchi safarini amalga oshiradigan Boeing 777-300 ER samolyoti Shanxay- Pudong xalqaro aeroportini Argentinaning Ministro Pistarini xalqaro aeroporti bilan bog‘laydi.

Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoydan borish safari taxminan 25 soat, Buenos-Ayresdan qaytish esa qariyb 29 soat davom etadi. Ikkala parvozda ham uchoq Yangi Zelandiyaning Oklend shahrida ikki soatlik texnik to‘xtab o‘tishni amalga oshiradi. Bunda yo‘lovchilar samolyotni qisqa muddatga tark etishlari mumkin. Shu to‘xtab o‘tishda ham parvoz dunyodagi eng uzun reys sifatida baholanmoqda.

Shuningdek, China Eastern Airlines kompaniyasi ushbu xizmatni antipodal shaharlarni (dunyoning qarama-qarshi tarafida joylashgan shaharlar) bog‘laydigan dunyodagi birinchi yo‘nalish sifatida ilgari surmoqda. Aviakompaniya haftasiga ikki marta Boeing  777-300ER uchoqlarida parvozni amalga oshirishni rejalashtirgan.

“Kompaniya Antarktida yaqini bo‘ylab janubiy parvoz yo‘lini tanladi, bu esa mavjud tanlovlarga qaraganda, sayohatni kamida to‘rt soatga qisqartiradi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ma’lumot uchun, “Dunyodagi eng uzun parvoz” da’vosi raqobatchilardan xoli emas. Singapore Airlines 18 soatdan ko‘proq vaqt ichida 15 ming 349 kilometrni bosib o‘tgan. Shuningdek, Avstraliyaning Qantas kompaniyasi o‘n yil oxirigacha Sidney-Londonga to‘xtovsiz qatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejasini ishlab chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Jorjiya shtatidagi Hartsfild-Jekson Atlanta xalqaro aeroportida Delta Air Lines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan Boeing 757 samolyotining dvigateli yonib ketgan edi.

Bunyod Keldiboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Xitoy eng uzun parvoz China Eastern Airlines

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing