Xitoy dunyodagi eng tezkor poyezd sinovini boshladi
Texnologiya
−
11 mart 13466 2 daqiqa
Xitoyning CRRC Corporation Limited korporatsiyasi dunyodagi eng tezkor poyezd bo‘lishga da’vogarlik qilayotgan CR450 prototipini sinovdan o‘tkazishni boshladi. Pekindagi eksperimental temiryo‘l halqasida yangi yuqori tezlikdagi elektr poyezdi CR450 ilk bor sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda ishlab chiqaruvchi kompaniya vitse-prezidenti Van Fen “Science and Technology Daily” gazetasiga ma’lum qildi.
Yangi tarkiblar hozirda foydalanilayotgan va 350 km/soat tezlikka erisha oladigan CR400 Fuxing poyezdlariga qaraganda ancha yuqori tezlik bilan ajralib turadi. Van Fenning so‘zlariga ko‘ra, CR450 yuqori tezlikdagi poyezdlar nazariyasi, texnologiyasi, uskunalari, standartlari va boshqaruv tizimida kompleks yutuq hisoblanadi.
Xitoy Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, CR450 modeli sinov davomida 450 km/soat tezlikka erishgan. Poyezd turli tizimlar va texnologiyalar bo‘yicha batafsil baholanmoqda.
“Tezlik borasida biz tortish quvvati, dinamik xususiyatlar va tok qabul qilish tizimlari kabi sohalarda keng qamrovli texnik takomillashtirishlarni amalga oshirdik”, dedi kompaniya vitse-prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, ushbu poyezd doimiy magnitli tortish dvigatellarini sovitish uchun suv tizimi va yangi avlod yuqori barqarorlikka ega shassilari bilan jihozlangan. Yuksak tezlikda harakatlanishda xavfsizlik favqulodda tormozlashni boshqarishning ko‘p bosqichli texnologiyasi bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, poyezdga 4 mingdan ortiq monitoring datchiklari o‘rnatilgan bo‘lib, ular real vaqt rejimida asosiy tizimlarni – yurish mexanizmlari, kuzov, yuqori kuchlanishli tok qabul qiluvchilar, harakat boshqaruvi va yong‘inni aniqlash tizimlarini kuzatib boradi. Bundan tashqari, ultra uzoq masofani aniqlash qurilmasi xavfli vaziyatlarni oldindan sezish imkoniyatini oshiradi.
Ekspertlar taxminiga ko‘ra, CR450 ilk yo‘lovchilarni kamida bir yildan keyin tashiy boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy 2050 yilgacha termoyadro sintezi texnologiyasini joriy etib, toza energiya ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. “Sun’iy quyosh” deb atalgan qurilmasi tokamak bo‘lib, u kuchli magnit maydonlari yordamida yuqori haroratdagi plazmani ushlab turadi va termoyadro reaksiyalarini davom ettirishga xizmat qiladi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr