Xitoy Belarusni Yevropa Ittifoqi sanksiyalaridan himoya qilib chiqdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Xitoy hukumati Yevropa Ittifoqining Belarusga qarshi bir tomonlama sanksiyalar paketiga qarshi. Bu haqda bugun, 22 iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasi TIV rasmiy vakili Chjao Litszyan ma’lum qildi.

“Biz xalqaro munosabatlarda tahdidlar va bir tomonlama sanksiyalarni qo‘llashga qat’iy qarshimiz. Xitoy Belarus ichki ishlariga tashqi kuchlarning aralashuviga qarshi”, deydi Chjao Litszyan. 

Xitoy diplomatining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Belarus suvereniteti va uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlarini hurmat qilishi kerak. 

“Belarus xalqi o‘z kuchi bilan mamlakatning siyosiy va ijtimoiy barqarorligini ta’minlashga qodir ekaniga ishonamiz. Xalqaro hamjamiyat esa ushbu masalada o‘zining konstruktiv rolini o‘ynaydi, deb umid qilamiz”, deya xulosa qildi u.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi kengashi kecha, 21 iyun kuni Belarus iqtisodiyotining yettita sohasiga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni joriy etish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasining boshlig‘i Jozep Borrelning ta’kidlashicha, Minskka qarshi choralarni muhokama qilish joriy yilning 24-25 iyun kunlari ittifoq davlatlari rahbarlarining yig‘ilishida davom etadi.

Qayd etish kerakki, Yevropaning Belarusga qarshi sanksiyalari to‘rtinchi to‘plami mamlakatning 86 jismoniy va yuridik shaxslariga qaratilgan. Ushbu to‘plam 2021 yilning boshida tayyorlangan. Biroq Ryanair samolyotining Minsk aeroportiga majburiy tarzda qo‘ndirilgani va muxolif bloger Roman Protasevichning Belarus maxsus xizmatlari tomonidan hibsga olingani sanksiyalar to‘plamining amaliyotga tadbiq qilinishini tezlashtirib yubordi.

Ta’kidlash kerakki, o‘z navbatida Rossiya ham Belarusga sanksiyalar joriy qilinadigan bo‘lsa, Moskva qarab turmasligini ma’lum qilgandi.

Belarusda ichki siyosiy muhitning buzilishi 

So‘nggi vaqtlarda Belarusda ichki siyosiy muvozanat buzilgan. Buning ildizi 2020 yilning avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga borib taqaladi. Saylov natijalariga ko‘ra, 80 foiz ovoz bilan Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qildi. Biroq ushbu natijalar aholining katta qismida shubha uyg‘otdi va muxolifatning chaqiruvi bilan mamlakatda namoyishlar boshlandi. Bir necha oy davom etgan miting va marshlar hech qanday foyda keltirmadi. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Muxolifat hamda uning ko‘plab tarafdorlari esa Polsha, Litva kabi Yevropa davlatlariga qochib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana topdi.  

Ryanair bilan bog‘liq holat 

Ushbu voqealarning davomi sifatida yaqinda yuz bergan yana bir holat jahon hamjamiyatining keng muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Bu 23 may kuni Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti Minskga qo‘ndirilishi bilan bog‘liq. 

Ma’lum bo‘lishicha, samolyot bu vaqtda Belarus osmonida parvoz qilayotgan bo‘lgan va mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli MiG-29 qiruvchisi yo‘lovchi samolyotining majburiy tarzda qo‘ndirilishini ta’minlagan. Rasmiylar bunday favqulodda harakatga samolyotda bomba borligi haqidagi xabarni sabab qilib ko‘rsatdi. Keyinchalik, bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi. 

Ma’lum bo‘lishicha ushbu samolyot bortida bomba emas, Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan jurnalist Protasevich bo‘lgan va u darhol hibsga olingan.

Nega jurnalist Protasevich Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan?

Gap shundaki, Protasevich bosh muharrirlik qilgan Nexta Telegram kanali 2020 yilning yozida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini yoritgan va ommani unda qatnashishga chorlagan.

Qayd etish kerakki, Nexta Telegram kanali Belarusda ekstremistik, deb topilgan. 

Protasevich esa Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (bu uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “guruh bo‘lib jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzganlik”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin) ayblanmoqda. 

Bundan tashqari, unga nisbatan kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarni qasddan sodir etish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).

“Ryanair” voqeasidan so‘ng Litva Belarusdan samolyotlarni qabul qilishni to‘xtatdi, Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “Belavia”ning barcha parvozlarini taqiqlashni buyurdi, shuningdek, Buyuk Britaniya ham “Belavia”ning parvozlariga ruxsatni to‘xtatdi. 

Yevropaning Fransiyaning “Air France”, Latviyaning “airBaltic” Gollandiyaning KLM, Skandinaviyaning SAS, Vengriyaning “Wizz Air”, Germaniyaning "Lufthansa", Finlyandiyaning "Finnair" aviakompaniyasi Belarus havo hududidan foydalanmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina 26 may yarim tundan boshlab Belarus bilan parvozlarni rasmiy ravishda to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

61

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing