Xitoy AQSH tufayli Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulot boshladi

Olam

image

Xitoy harbiylari Tayvan atrofida mashg‘ulotlar o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda.  

Xitoy Xalq ozodlik armiyasi jangovar qo‘mondonligining Sharqiy hududi tomonidan tarqatilgan bayonotda aytilishicha, mashg‘ulotlar AQSH tomonidan “tayvanlik separatistlar”ga yuborilayotgan “jiddiy noto‘g‘ri signallar” tufayli o‘tkazilmoqda. Qo‘mondonlik Qo‘shma Shtatlar Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaslikka va’da berganini eslatgan. 

Ta’kidlanishicha, mashg‘ulotlar Sharqiy Xitoy dengizi havo hududi va Tayvan atrofida o‘tkazilmoqda, ularda esminetslar, fregatlar, bombardimonchi samolyotlar, qiruvchi samolyotlar va boshqa kuchlar ishtirok etmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, kecha, 14 aprel kuni AQSHning olti nafar kongressmeni Tayvanga oldindan e’lon qilinmagan ikki kunlik tashrif bilan kelgan. Amerikalik siyosatchilar Tayvan Prezidenti Say Inven bilan uchrashmoqchi. 

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Qo‘shma Shtatlar Tayvan bilan barcha rasmiy aloqalarni to‘xtatishi kerakligini aytgan. 

Qo‘shma Shtatlar Tayvan bilan rasmiy aloqalarga ega emas, lekin uning eng muhim xalqaro tarafdori va qurol yetkazib beruvchisi hisoblanadi. AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati orolni qo‘llab-quvvatlashi haqida bir necha bor gapirgan, bu esa allaqachon yomon bo‘lgan Xitoy-Amerika munosabatlarini keskinlashtirgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy

Baholaganlar

318

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing