Xirosima ustida parvozlar taqiqlanadi
Olam
−
09 mart 2023
8860Joriy yilning 18–22 may kunlari Yaponiyaning Xirosima shahri ustida parvozlar taqiqlanadi. Chunki shu davrda G7 davlatlari rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 9 mart kuni Yaponiya davlat yerlari, infratuzilma, transport va turizm vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, parvozlar taqiqlangan hudud “Katta yettilik” yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadigan Grand Prince mehmonxonasi radiusidagi taxminan 46 km masofani qamrab oladi.
Ta’kidlash joizki, ko‘p sonli yuqori martabali xorijlik mehmonlar to‘planadigan joylarda parvozlarni taqiqlash zonalarini joriy etish Yaponiya uchun odatiy holdir. Xususan, 2022 yil sentyabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tgan Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abening davlat dafn marosimida terroristik hujumlardan himoya qilishga qaratilgan ana shunday choralar joriy etilgan edi.
Ma’lumot uchun, Yaponiya bu yil G7’ga raislik qiladi va may oyida Xirosimada sammitga mezbonlik qiladi. Mahalliy hokimiyatlar Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni sammitda ishtirok etishi mumkin deb hisoblamoqda. Biroq bu borada hozircha hech qanday qaror qabul qilinmagan.