Xelayfiy FIFA prezidenti bo‘lishi mumkin
Sport
−
18:00 1756 2 daqiqa
PSJ klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfiy 2027 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan FIFA prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin. Bu haqda “The Touchline” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, UEFA’ga a’zo bir nechta milliy assotsiatsiyalar bo‘lajak saylovlarda amaldagi FIFA prezidenti Janni Infantinoga qarshi munosib raqobatlasha oladigan yagona nomzodni izlamoqda. Muhokamalarda tilga olinayotgan asosiy nomzodlardan biri esa Fransiyaning PSJ klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfiy bo‘lib turibdi.
Xabarlarga ko‘ra, uning nomzodini, xususan, Belgiya va Polsha futbol federatsiyalari qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Biroq hozircha Parij klubi rahbari rasman saylovda ishtirok etish niyatini bildirmagan. Shu bois ayni paytda faqat ehtimoliy nomzod haqida so‘z bormoqda.
Shu bilan birga, Bosniya va Gersegovina, Norvegiya, Shvetsiya, Germaniya hamda Ispaniyaning yuqori lavozimli futbol amaldorlari Yevropadan boshqa ehtimoliy nomzodlar yuzasidan ham muzokaralar o‘tkazmoqda. Ular orasida Varshavaning “Legiya” klubi egasi Dariush Mioduskining nomi ham tilga olingan.
Qayd etish joizki, AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunga ko‘rsatilgan qizil kartochka atrofidagi mojarodan so‘ng Janni Infantino rahbariyatiga nisbatan noroziliklar kuchaygan. Xabarlarga ko‘ra, UEFA tekshiruv yakunlari bo‘yicha FIFA’ni vakolat doirasidan chiqib ketganlikda ochiqchasiga ayblagan.
Biroq Yevropada qarshilik kuchayib borayotgan bo‘lsa-da, Infantinoning mavqei boshqa qit’a konfederatsiyalarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli hanuz mustahkam bo‘lib turibdi. Shu sababli, unga raqib paydo bo‘lishi hozircha FIFA prezidenti lavozimini yo‘qotishini anglatmaydi.
Live
Barchasi